Jamoatchi inspektorlarga sertifikatlar topshirildi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamkorligida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorligiga nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv-seminarning birinchi bosqichi yakunlandi.
Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda Toshkent shahrining Olmazor, Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumani mahallalaridagi nomzodlar o‘qitildi.
Mazkur o‘quv-seminar to‘rt kun davom etib, unda ishtirokchilar Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 8 oktyabrdagi “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy nizomning mazmun-mohiyati, shuningdek, kimlar jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishi, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish tartibi, inspektorlarning asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari to‘g‘risida bilimga ega bo‘ldi.

Mashg‘ulotlarda shuningdek, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlik choralari, atmosfera havosi, suvlarning ifloslanishi haqida ma’ruzalar tinglandi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, atrof-muhit muhofazasiga doir vazifalarni bajarishda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat birlashmalari va fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, respublikamizda ekologik muammolar va atrof-muhit muhofazasidagi loqaydliklarga barham berish, atrof-muhit muhofazasi va ekologik holatni sog‘lomlashtirishda jamoatchilik ishtirokining faolligini har tomonlama kuchaytirish, bu borada qabul qilingan qonunlar hamda qarorlar ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Ekologik partiyasining bosh maqsadlaridan biridir.
Seminar yakunida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlariga maxsus sertifikatlar topshirildi.
O‘zA