Jamoat xavfsizligini ta’minlashda mas’uliyat va nazorat kuchaytiriladi
Ichki ishlar vazirligida huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va aholi osoyishtaligini mustahkamlash borasida davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ullari, Vazirlar Mahkamasining mahalla va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutasaddilari, Ichki ishlar vaziri va sohaviy xizmat rahbarlari, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati hamda hududlarda hokimlar va jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul rahbarlar videoselektor tarzida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining tegishli qaror va topshiriqlarda belgilangan vazifalarning hududlarda amalga oshirilishi, huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash hamda ularni bartaraf etish, profilaktik ishlarni samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli profilaktik ishlarni kuchaytirish, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Muhokama davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan chora-tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish hamda ijro intizomini kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan polkovnik Temur Ismoilov Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Yangi tayinlangan rahbarga jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan istiqbolli vazifalar yuklatildi.
Tizimni raqamlashtirish bo‘yicha vazifalar ijrosini qat’iy nazoratga olish, ichki ishlar organlarining boshqa davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini kuchaytirish, jamoat tartibini saqlashning zamonaviy usullarini keng joriy etish, aholining huquqiy madaniyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishonchini yanada oshirishga qaratilgan choralarni samarali tashkil etish talabi qo‘yildi.
Yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra mamlakatimiz hayotidagi muhim siyosiy-ijtimoiy voqealardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlarini yuqori saviyada, eng muhimi, aholi uchun xavfsiz va osoyishta sharoitda tashkil etish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, transport harakatini tartibga solish, odamlar gavjum joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish hamda favqulodda holatlarning yuzaga kelish ehtimolini barvaqt bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov jamoat xavfsizligini ta’minlashda har bir xizmatning vazifasi aniq belgilanishi, kuch va vositalar oldindan hisob-kitob qilinishi, mas’ullar hududlardagi vaziyatni to‘liq nazorat qilishi lozimligini qayd etdi.

Tadbirlar davomida fuqarolarning murojaatlariga tezkor munosabat bildirish, yo‘l-transport harakati xavfsizligini ta’minlash, jamoat joylarida tartibni saqlash va profilaktik choralarni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish vazifasi qo‘yildi.
Videoselektor orqali hududlardagi vaziyat ham tahlil qilinib, joylarda bayram tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik holati yuzasidan mas’ul rahbarlarning axborotlari eshitildi.
Hudud rahbarlariga har bir tadbir o‘tkaziladigan manzil bo‘yicha xavfsizlik choralari, jalb etiladigan kuch va vositalarni qayta ko‘rib chiqish, mas’ul xodimlarni biriktirish, transport va piyodalar harakatini tartibga solish, ta’lim muassasalari atrofida xavfsiz muhitni ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni tadbirlar boshlanguniga qadar bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA