Jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi vakillari jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida Xitoyga tashrif buyurdi.
Xitoyning Lyanyungan shahrida tashkil etilgan ko‘rgazmada politsiya tizimidagi raqamli yondashuvlar, sun’iy intellekt texnologiyalari, uchuvchisiz uchish qurilmalari va boshqa eng so‘nggi texnologik yangiliklar namoyish qilindi.
Mahalliy mutaxassislar bilan aqlli tizimlarning imkoniyatlari, ularni mamlakatimiz ichki ishlar organlariga joriy qilish istiqbollari, jamoat xavfsizligini ta’minlashda erishilayotgan natijalar haqida fikr almashildi.
Jamoat xavfsizligi sohasida hamkorlik bo‘yicha global forum doirasida “Politsiya ta’limi sohasida xalqaro hamkorlik” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy, O‘zbekiston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Gonkong, Kambodja, Vetnam va boshqa davlatlarning 50 ga yaqin turdosh oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, 200 dan ortiq ekspert, mutaxassis va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Xalqaro anjuman manfaatli aloqalarni kengaytirish orqali politsiya ta’limini modernizatsiya qilish, raqamli va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashinuvini kuchaytirish, kadrlar salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Konferensiyada IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Hotamov “Ta’lim va texnologik innovatsiyalar: huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish” mavzuida nutq so‘zlab, globallashuv sharoitida yuzaga kelayotgan dolzarb muammolar va ularning yechimlariga e’tibor qaratdi.
Jahondagi geosiyosiy o‘zgarishlar fonida xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solayotgan yangi tahdidlar paydo bo‘layotgani, huquq-tartibot organlari faoliyatiga yangicha ish uslublarini joriy etish, soha uchun kadrlar tayyorlash jarayonlarini zamon talablari darajasida transformatsiya qilib borish dolzarb masalalardan biri ekanligi ta’kidlandi. Bu borada O‘zbekiston ichki ishlar organlari tizimida yo‘lga qo‘yilgan tajribalar va akademiyadagi o‘qitishning zamonaviy yondashuvlariga to‘xtalib o‘tildi.

Anjumanda politsiya ta’limi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni ommalashtirish, ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan muhim taklif hamda tashabbuslar ilgari surildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar Xaydyan tuman jamoat xavfsizligi organlarining ishlarni ko‘rib chiqish va tergov qilish markazi, Jamoat xavfsizligi universitetining Axborot va tarmoq xavfsizligi instituti hamda Politsiya taktik tayyorgarligi o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalliy mutaxassislar tomonidan markazning zamonaviy imkoniyatlari, politsiya tuzilmalari uchun kadrlar tayyorlash tizimi, o‘qitish texnologiyalari, simulyatsion mashg‘ulotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xalqaro forum doirasida delegatsiyalar o‘rtasida uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. IIV Akademiyasi boshlig‘i Xitoy jamoat xavfsizligi universiteti prezidenti, Interpol global akademiyasi hamda Gonkong politsiya kolleji rahbarlari bilan muloqot qilib, ikki tomonlama hamkorlik aloqalari istiqbollarini muhokama qildi.
N.Abduraimova, O‘zA