Jamoat xavfsizligini saqlashda xalqaro hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish: zamonaviy tendensiyalar va muammolar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada respublikamizning tegishli vazirlik, idoralari mas’ul xodimlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, shuningdek, Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi delegatsiyasi a’zolari ishtirok etdi. Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Armaniston Respublikalarining turdosh oliy o‘quv yurtlari vakillari onlayn tarzda anjumanni kuzatib bordi.
Konferensiya avvalida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Belarus Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Videomuloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or yondashuvlarni keng tatbiq etish, o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish, xususan, ichki ishlar organlari uchun yuksak kasb mahorati hamda boshqaruvga doir xislatlarga ega mutaxassislarni tayyorlash, o‘qitishning innovatsion metodlarini ommalashtirishga xizmat qilishi e’tirof etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini takomillashtirish, zamonaviy tendensiyalar va amaliyotdagi muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, jahonda kechayotgan o‘zgarishlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini zamonaviy tendensiyalar asosida tashkil etish, global tahdid va xatarlarga qarshi hamkorlikda kurashish, mazkur yo‘nalishda ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirishni taqozo etmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida huquqbuzarlar profilaktikasining samarali mexanizmlari amaliyotga tatbiq etildi.
Jumladan, jinoyatchilikni jilovlashda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda “Xavfsiz poytaxt”, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz xonadon”, “Jinoyatdan xoli mahalla” singari konsepsiyalar yaratildi. Har bir mahallada profilaktika inspektori lavozimi joriy etilib, mahalla fuqarolar yig‘ini raisining huquq-tartibot masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajarish profilaktika inspektori zimmasiga yuklatildi.
Endilikda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida mahalla huquq-tartibot maskanlarini tashkil etish, hududlarda “Smart mahalla” axborot dasturini ishga tushirish, “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” hamda shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimlarini joriy etish, “Xavfsiz ta’lim muassasasi” tamoyili asosida voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishni manzilli amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
– Jinoyatchilikka qarshi kurashish ushbu illatning sodir etilishi sabablari va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni chuqur o‘rganishni taqozo etadi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i R.Hotamov.
– Ta’lim muassasamiz tomonidan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash, “ilmiy diagnoz” qo‘yish asosida mavjud muammolarning yechimini topish borasida samarali metodikalar yaratilmoqda. Tajribali professor-o‘qituvchilarimizdan iborat ishchi guruhlari respublikamizning kriminogen vaziyati og‘ir hududlari ahvolini tahliliy o‘rgangan holda joylardagi ichki ishlar organlari xodimlariga amaliy yordam ko‘rsatishmoqda.
Hozir ilmiy izlanuvchilar va tinglovchi-kursantlarimiz tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoiy jazolar ijrosini tashkil etish faoliyatidagi eng dolzarb masalalarga yo‘naltirilgan.
Dissertatsiya ishlarida huquqbuzarliklar profilaktikasini “mahallabay”, “oilabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” yondashuv asosida tashkil etish, ichki ishlar organlarining sektorlardagi ish faoliyatini tashkil etish va takomillashtirish kabi dolzarb masalalar qamrab olinmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA