Jamiyatni birlashtiruvchi yuksak g‘oya
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida dastlab “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident qarorining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, ushbu hujjatda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oya ilgari surilib, u jamiyatni birlashtiruvchi, fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlovchi asos sifatida belgilangan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosidagi taraqqiyot yo‘limiz inson qadr-qimmatini yuksaltirish, ko‘p millatli jamiyatimizda do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va an’analarni asrab-avaylash, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda mustahkam tayanch bo‘lib kelayotgani urg‘ulandi.

Shundan so‘ng yig‘ilishda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda ayrim jinoyatlar tergovi samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
U bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga jinsiy erkinlikka hamda ayrim turdagi axloqqa qarshi jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni ichki ishlar organlaridan prokuratura organlariga o‘tkazish, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ushbu toifadagi ishlarning tergovi prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi va jazo o‘tash jarayonida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi ayollar va bolalarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinsiy zo‘ravonlik holatlarini fosh etish, bu turdagi jinoyatlarni tergov qilish sifati oshishiga hamda jazo muqarrarligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida deputatlar loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi. Mutasaddilar ko‘tarilgan barcha savollarga tushuntirishlar berib o‘tdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA