Jamg‘arma ishchi-xodimlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashmoqda
“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida “Farhod” madaniyat saroyi matbuot markazida “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi – sifatli ijtimoiy himoya kafolati” mavzusida OAV vakillari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Bugungi kunda muassasa va uning joylardagi 5 ta hududiy boshqarmasida 8 ming nafardan ortiq xodim faoliyat olib bormoqda.
– Tibbiy xizmat va sog‘lomlashtirish jamg‘armaning asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi, – deydi jamg‘arma direktori Dilshod Ochilov. – Jamg‘arma tasarrufidagi sog‘liqni saqlash tizimida 5 ta tibbiy-sanitariya qismi mavjud bo‘lib, ularda har yili 25 ming nafardan ortiq ishchi-xodimga statsionar tarzda davolash xizmatlari, poliklinikalar orqali esa tegishli tartibda tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Jamg‘arma tasarrufidagi “Metallurg”, “Konchi”, “Nurobod”, “NKMK”, “Gornyak” kabi sanatoriya-profilaktoriylarda har yili 15 ming nafar atrofida ishchi-xodim sog‘ligini tiklasa, yoz mavsumida 10 ming nafarga yaqin ishchi-xodim “To‘dako‘l”, “Aydarko‘l”, “Sovuq buloqlar” kabi dam olish maskanlarida hordiq chiqaradi. Shuningdek, 4 ta mavsumda 6 ta statsionar, 5 ta kunduzgi, 2 ta mehnat va dam olish oromgohida ishchi-xodimlarning 12 ming nafardan ortiq farzandi sog‘lomlashtiriladi.
Hozirgi kunda jamg‘armada 12 ta madaniy-ommaviy muassasa bo‘lib, ularda 170 ga yaqin badiiy-ijodiy havaskorlik jamoasi va to‘garak faoliyat ko‘rsatadi, 4,5 mingga yaqin bola hamda kattalar qamrab olingan.
Shu bilan birga 41 ta yotoqxonada 10 ming 600 nafardan ortiq NKMK va jamg‘arma ishchi-xodimlari o‘z oila a’zolari bilan imtiyozli ravishda istiqomat qilib kelmoqda.
O‘tgan davr mobaynida yotoqxonalarni ta’mirlashga 68 milliard so‘m, tibbiyot sohasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlashga keyingi 5 yilda 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
[gallery-14497]
Matbuot anjumanida mutasaddilar OAV vakillari va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.
Ishtirokchilar tashkil etilgan press-tur davomida madaniyat va sport muassasasi faoliyati, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Sanatoriya-profilaktoriy imkoniyatlari va sog‘lomlashtirilayotgan dam oluvchilar bilan muloqotda bo‘ldi.
Bugungi kunda “Farhod” madaniyat saroyida 80 taga yaqin ijodiy jamoa va guruhda 1500 nafardan ortiq yosh san’atning turli yo‘nalishlarida o‘z iste’dodlarini namoyish etmoqda.
– “Farhod” madaniyat saroyi nafaqat Navoiy viloyati, balki respublikamizda iste’dodlarni tarbiyalab, yuzaga chiqarayotgan muhim markazlardan biridir, – deydi Madaniyat saroyi direktori o‘rinbosari Sherzod Davronov. – Madaniyat saroyimizda nafaqat ijodiy guruhlar, balki yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib tasviriy san’at va akademik rasm chizish, texnik modellashtirish, dekorativ san’at va kviling, badiiy keramika, robototexnika va mexatronika kabi yo‘nalishlarda to‘garaklar, QVZ hamda intellektual klublar ham tashkil etilgan. Qolaversa, madaniyat saroyida 200 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona va “NKMK tarixi” muzeyi bor. Ijodiy guruhlar a’zolari Fransiya, Germaniya, Polsha, Bolgariya, Janubiy Koreya, Xitoy, Pokiston kabi davlatlarda o‘z repertuarlarini namoyish etib kelmoqda.
Matbuot anjumani ishtirokchilari “So‘g‘diyona” jismoniy tarbiya va sport klubida ham bo‘ldi.
– Sport saroyimizda 17 ta turli sport to‘garaklari mavjud bo‘lib, ularning 8 tasi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan, – deydi muassasa direktori Sohiba Rahmonova. – Bu yerda nafaqat kombinat tizimida ishlovchi ishchi-xodimlar, balki shahrimizda istiqomat qiluvchi barcha hamshaharlarimiz, ularning farzandlari bemalol kelib, sport bilan shug‘ullanishi mumkin. Shu kunga qadar sport saroyimizda shug‘ullangan yoshlarimiz orasidan turli xalqaro musobaqalar g‘oliblari yetishib chiqqan. Ayni paytda esa gandbol sport turidan 4 nafar, qilichbozlikdan 4 nafar, yunon-rum kurashidan 2 nafar, suzishdan 2 nafar va badiiy gimnastikadan 2 nafar sportchimiz milliy terma jamoa a’zosi hisoblanadi. Karmana tumanidagi 200 o‘ringa mo‘ljallangan “Metallurg” sanatoriya-profilaktoriysida kombinat va “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va yo‘llanma asosida boshqa fuqarolar ham o‘z sog‘liqlarini tiklashi mumkin. Bu yerda a dam oluvchilar uchun barcha sharoit yaratib berilgan.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari