Jahon urushi qahramonlari sharaflanmoqda (+video)
Toshloq tumanidan bo‘lgan Odiljon ota Zokirov 1923-yilda dunyoga kelgan. U 19 yoshida, 1942-yilda urushga yuborildi. Holbuki, atigi uch oy ilgari urushga akasini kuzatishgan edi.
– Men uchun birinchi urush Lvov shahridan boshlandi. Erta tongda samolyotlar biz turgan joyni pulemyotdan o‘qqa tutdi. 14 kishi o‘lib, 22 tasi yarador bo‘ldi.

Xarkovdan boshlangan jangovar yo‘lda asta-sekin Ukraina, keyin Polsha, Chexoslovakiyadagi jangohlardan o‘tdi. Necha bor yaralandi, bombalangan maydonda qolib ketdi, lekin har doim iroda bilan yana jangu jadalga qaytdi.
– Yo‘lda eshelonga bomba tashlashdi. Lokomativ ishdan chiqdi. Men tuproq ostida qolib ketibman. Aytishlaricha, chamasi 2,5 soatdan keyin hushimga kela boshlabman. Dastlab qo‘lim jizillaganini sezdim. Teri va suyaklarim kuygan edi. Birozdan so‘ng boshimda iliqlik sezdim. Chap oyog‘im ham jarohatlangan ekan. Hamshiralar yaralarimni bog‘lashdi. Gospitalga borishga ko‘nmadim, yana urushga kirdim. Keyin Varshava shahri, Polsha yerlarini ozod qildik.

Odiljon Zokirov urushdan g‘alaba bilan qaytdi. U dehqon farzandi edi. Yana dalasini tanladi.
– 40 yillik umrim dasht va cho‘llarda o‘tdi. Qoratepadan Bo‘zgacha yerlarni o‘zlashtirdik. O‘zim 3,5 ming gektar yerga paxta ekdim. Keyin kanal janubidan 50 gektar yer berishdi. Bu yerni ham o‘zlashtirib, paxtazorga aylantirdim. Shundan keyingina nafaqaga chiqdim.

Odiljon Zokirov urushda qahramonlik ko‘rsatgan bo‘lsa, tinchlik zamonida fidokorona mehnat qildi.
103 yoshdan oshgan otaxon qo‘ni-qo‘shni, mahalla, tuman yoshlariga tinchlikni qadrlash haqida nasixatgo‘y va maslaxatgo‘ydir.

Bugun Farg‘ona viloyati hokimi Hayrullo Bozorov va jamoatchilik vakillari Odiljon Zokirov xonadoniga kelishdi. Samimiy suhbat qurdilar. Otaxon umr yo‘li, urush fojealari va tinchlik shukronasi haqida to‘lqinlanib gapirib berdi. Shundan so‘ng viloyat hokimi O‘zbekiston Prezidenti tabrigini o‘qib eshittirdi va pul sovg‘asini topshirdi. Odiljon ota Zokirov duoga qo‘l ochib ezgu tilaklar bildirdi. Vatan ravnaqi, xalq farovonligini tilab hamda davlat rahbariga minnatdorchilik bildirib fotiha qildi.
Farg‘ona viloyatida 5 nafar ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va ularga tenglashtirilganlar bo‘lib, barchalari huzuriga viloyat hokimi Xayrullo Bozarov va jamoatchilik vakillari tashrif buyurdilar. Ulardan biri Fatina Sharipova edi.

– 5 yoshimda nemislarning konslagerida bo‘ldim. Armiya bizni ozod qilgach, O‘zbekistonga yuborishdi. Shu yerda ulg‘ayib, o‘qib ishladim. O‘zbekiston – mening Vatanim. Ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun Prezidentim va xalqimga ta’zim qilaman, – deydi Fatina Sharipova.
Harbiy kuy sadolari ostida Fatina Sharipovaga izzat-ikrom ko‘rsatildi. Viloyat hokimi esa Prezident tabrigini o‘qib eshittirdi hamda pul sovg‘asini topshirdi.

Bugun Farg‘ona shahri, Toshloq va O‘zbekiston tumanlaridagi ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va unga tenglashtirilganlar xonadonlarda shu kabi tabriklash tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AE-q1Yr9k60" title="Jahon urushi qahramonlari sharaflanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA