Jahon savdo tashkilotining nizolarni hal qilish tizimi
Iqtisodiyotni harakatlantiruvchi kuch – bu eksport, import operatsiyalari hisoblanadi.
Dunyo savdo bozorida ishtirok etish uchun esa keskin raqobatga, boshqacha aytganda, savdo urushiga chidashga to‘g‘ri keladi.
Bu esa o‘z-o‘zidan Jahon savdo tashkiloti (JST)ning qoidalariga asoslangan nizolarni hal qilish tizimidan xabardor bo‘lishni taqozo qiladi.
1995 yildan buyon JSTning nizolarni hal qilish tizimi xalqaro iqtisodiy munosabatlarda huquq ustuvorligi bo‘yicha noyob tajriba bo‘lib kelmoqda.
Sudyalar oliy maktabida tashkil etilgan seminar-treningda shu haqda so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, BMT Taraqqiyot dasturi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi tomonidan Jahon savdo instituti va Bern universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda tinglovchilar “Jahon savdo tashkilotining nizolarni hal qilish tizimi”, “Investor va davlat o‘rtasidagi nizolarni hal qilish” mavzularida ma’ruzalar tingladi.
Jahon savdo institutining o‘quv ishlari bo‘yicha direktori hamda Bern universiteti yuridik fakultetining professori Peter Van den Bosh va Jahon savdo instituti katta ilmiy tadqiqotchisi va ma’ruzachisi Rodrigo Polanko mashg‘ulotlarni video-konferensiya vositasida masofadan olib bordi.
Tinglovchilar xalqaro savdo munosabatlarida qonun ustuvorligining ahamiyati va qonun ustuvorligini ta’minlashda qoidalarga asoslangan, mustaqil va xolis nizolarni hal qilish mexanizmining ahamiyati, JST huquqining davlatlar ichki qonunchiligidagi o‘rni va bunda milliy sudlarning roli, xalqaro nizolarni hal qilishning boshqa tizimlari bilan taqqoslaganda JSTning nizolarni hal qilish tizimining o‘ziga xos xususiyatlari haqida tushunchaga ega bo‘ldi.
Demak, JSTning nizolarni hal qilish jarayoni to‘rtta asosiy bosqichni o‘z ichiga oladi: nizolashayotgan tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishilgan qarorga erishish uchun majburiy maslahatlashuvlar; hay’at tomonidan nizolarning ko‘rib chiqilishi; apellyatsiya tartibida nizoni ko‘rib chiqish; qabul qilingan tavsiyalar va qarorlarning kuchga kiritilishi va majburiy ijroga qaratilishi.
Muattar Burhonova, O‘zA