Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti o‘z ishini boshladi
Bugun – 2022 yil 8 sentyabr kuni Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti o‘z ishini boshladi.
Toshkent sammitida BMT, Parlamentlararo Ittifoq va unga a’zo mamlakatlar parlamentlari palatalarining ayol-spikerlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 17 davlatdan 120 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamkorligida tashkil etilgan anjuman “Parlament yetakchiligi: barqarorlik va farovonlikni yanada samarali ta’minlashda xavf-xatarlarni baholash” mavzusiga bag‘ishlandi.

Sammitning maqsadi COVID-19 pandemiyasi va u bilan bog‘liq inqiroz oqibatlarini hisobga olgan holda, barqarorlik va farovonlikni samarali ta’minlash maqsadida gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirish bo‘yicha parlamentlar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va harakatlarini belgilashdan iboratdir.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu nufuzli anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA