Jahon OAVsi O‘zbekiston haqida nimalarni yozmoqda?
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimizning dunyo miqyosdagi mavqei ortib, xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallamoqda.
Shuni alohida qayd etish kerakki, bundan bir necha yillar avval jahon ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston haqida yilda bir-ikki maqola yo xabarlar chop etilgan bo‘lsa, hozirgi kunda dunyoning qator axborot tarmoqlari, gazeta, jurnallarida O‘zbekiston haqidagi xabar va maqolalar muntazam berib boriladi.
“The Daily Beast” internet nashrida e’lon qilingan "Bu sizning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishingizni oshiradi" mavzusidagi maqolada jahonga mashhur nashriyotchi Yaffa Assulin va fotograf Laziz Xamani ijodiga mansub "O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l" nomli kitobning mazmun-mohiyati bayon etilgan.
“Mazkur kitob Markaziy Osiyoning boy madaniy merosi tasvirlangan ko‘zni qamashtiruvchi fotosuratlar bilan boyitilgan bo‘lib, o‘lkaga sayohat kitob muqovasidan boshlanadi. Kitobning ilk sahifalaridan muallif o‘quvchini mamlakat bo‘ylab "shaxsiy sayohat" ga olib boradi. Muallif o‘z bitiklarida shunday so‘zlarni qo‘llaganki, so‘zlarning ta’sirchanligi-yu jozibasi bilan bu ta’riflar xuddi sevgi bitiklariga o‘xshab ketadi” deyiladi maqolada.
Dunyoning yetakchi axborot tarmoqlaridan biri “Euronews” telekanali saytida "O‘zbekiston Markaziy Osiyoning transport-energetika markaziga aylanadi" mavzusida berilgan maqolada esa mamlakatimizda transport-logistika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yoritilgan.

"O‘zbekiston Markaziy Osiyoning transport- logistika markaziga aylanishga intilmoqda. Geografik jihatdan xalqaro transport qatnovida dengizga chiqish imkoni yo‘qligini hisobga olgan holda mamlakat hukumati xalqaro qatnov tizimini temir yo‘l orqali kengaytirmoqda. Nafaqat xalqaro transport qatnovlar balki, ichki hududlar orasidagi logistik qatnovlarni yaxshilashga katta ahamiyat qaratilib, bu ishlar uchun katta mablag‘ sarflanmoqda" deyiladi maqolada.
“Regnum” axborot agentligida O‘zbekiston transport-logistika sohasiga oid berilgan xabarda esa, O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan mablag‘lar O‘zbekiston temir yo‘l tizmi imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga Farg‘ona vodiysi iqtisodiyoti rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
“Eureporter” internet nashrida "Yevropa parlamenti a’zosi O‘zbekistondagi katta taraqqiyotni olqishladi" mavzusida maqola berildi. Unda Yevropa parlamenti a’zosi Andris Ameriksning "O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim" loyihasi xususidagi fikr-mulohazalari keltirilgan.
Xususan, maqolada Andris Ameriksning "O‘zining ko‘p sonli aholisi va chegaralangan hududiga ega bo‘lgan, Markaziy Osiyoning boshqa barcha mamlakatlari, xususan, Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston, shubhasiz, Yevropa Ittifoqining mintaqadagi asosiy sheriklaridan biridir.1991 yil, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan buyon Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston munosabatlari barqaror rivojlanib bormoqda. 1996 yilda imzolangan "Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim" ikkala tomonni siyosiy, savdo-iqtisodiy sohalarda yaqin hamkorlik qilishga undadi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatda inson huquqlarini ta’minlanishi, qo‘shni davlatlar va dunyoning boshqa davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashda, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda katta natijalarga erilshmoqda. Albatta, O‘zbekistonning Yevropa bilan hamkorligini mustahkamalanishi mamlakat uchun ancha muvaffaqiyatlar keltiradi. Shuningdek, O‘zbekiston hukumatining mamlakatda barqaror rivojlanishni ta’minlashdagi harakatlari alohida taxsinga sazovardir” degan so‘zlari iqtibos qilib keltirilgan.
Zuhra MIRZABOEVA, O‘zA