Jahon kubogi sohibi ishsiz edi...
Sportning texnik va amaliy turi – raketamodel yasash bilan shugʻullanaman.
Sportning texnik va amaliy turi – raketamodel yasash bilan shugʻullanaman.

Bu borada 3 karra Oʻzbekiston chempioni, 2 karra Jahon kubogi sohibi boʻlganman. Joriy yilning iyun oyida Ruminiyaning poytaxti Buxarest shahrida boʻlib oʻtadigan sportning texnik turlari boʻyicha jahon chempionatiga yoʻllanma olganman. Biroq unga qatnashishga moddiy imkoniyatim yoʻq. Ayni paytda ishsizman.
Bu Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida yashovchi Laziz Jamilovning soʻzlari.
Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov bilan oʻtkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida Lazizning muammolari hal boʻldi. Sportning mazkur turini rivojlantirish va gʻijduvonlik yoshlarga oʻrgatish uchun “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot markazida innovatsiya boʻlimi rahbari etib tayinlandi.
Darhaqiqat, yoshlarda mehnatsevarlik, ishbilarmonlik qobiliyatlarini rivojlantirish, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va roʻyobga chiqarishga eʼtiborni kuchaytirish maqsadida oʻtkazilgan mazkur uchrashuvda Laziz kabi koʻplab gʻijduvonlik yoshlarning orzu umidlarini roʻyobga chiqdi.
Uchrashuvda gʻijduvonlik Sardor Gʻafforov tomonidan bildirilgan taklif viloyat rahbarlari tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi. Oliy maʼlumotli moliyachi mutaxassisligiga ega 29 yoshli Sardor koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirayotganligini taʼkidlab, tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun uch yil burun tumandan alohida yer maydoni ololmay, qoʻshni viloyatga ketishga majbur boʻlganligini bildirdi. Hozirda avtomobillarga yoqilgʻi quyish shaxobchasi, dilerlik shaxobchasi sifatida avtosalon va boshqa subyektlariga ega ekanligini taʼkidlab, yiliga oʻrtacha 1,3 million AQSH dollari miqdorida aylanma mablagʻi borligini va oʻzi tugʻilib voyaga yetgan Gʻijduvonda oilasi bilan bir nechta loyihani amalga oshirish niyatidaligini aytdi.
Jumladan, oltingugurtni qayta ishlash korxonasi, aholiga savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasini qurib ishga tushirish, yana Mirakon qishlogʻida boʻsh yotgan bir gektar yerda issiqxona xoʻjaligi limonariya tashkil etib, 40 dan ortiq yoshlarni ish bilan taʼminlash imkoniyatiga ega ekanligini taʼkidladi. Buning uchun esa qishlogʻidagi tashlandiq yer va kredit olishga koʻmak soʻradi.
Samimiy muloqot tarzida oʻtkazilgan uchrashuvda gʻijduvonlik yoshlarni oʻylantirgan koʻplab muammolariga yechim topildi. Ularning imtiyozli kredit mablagʻi olish, tadbirkorlik tashabbuslarini roʻyobga chiqarishlari uchun yer maydoni ajratish, ishsizlik bilan bogʻliq qator masalalari yuqori idoralar tomonidan oʻrganiladigan boʻldi.
Hudud yoshlarining qoʻl mehnatlari, ixtirolari mahsuli boʻlgan ishlar, yigit-qizlarning tashabbus va loyihalari taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
