Jahon iqtisodiy forumi ishtirokchilari Raqamli texnologiyalar vazirligida
Raqamli texnologiyalar bugun iqtisodiyotning deyarli barcha sohasiga kirib bormoqda.
Bu jarayonda xalqaro tajriba va hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vazirligida Jahon iqtisodiy forumi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Jahon iqtisodiy forumining Yevropa va Yevroosiyo yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik rahbari Marven Garbaa hamda «Yevropa va Yevroosiyo — hududlar, savdo va geosiyosat markazi» vakili Ditrix Jon ishtirok etdi.

Muloqotda Jahon iqtisodiy forumining ustuvor yo‘nalishlari, amalga oshirayotgan ishlari va O‘zbekistonning raqamli taraqqiyot bo‘yicha rejalari haqida fikr almashildi.
Asosiy masala esa ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Xususan, istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va raqamli sohada xalqaro tajribadan samarali foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Jahon iqtisodiy forumi davlatlar, biznes, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiruvchi xalqaro platforma hisoblanadi. 1971-yilda tashkil etilgan forum global va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha muloqot va hamkorlik uchun maydon yaratib kelmoqda.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va forum o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish, yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga kelishib olindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA