Jahon chempionatining "H" guruhidan joy olgan jamoalar musobaqa davomida qanday liboslardan foydalanishini e’lon qildi
"H" guruhidan joy olgan Ispaniya, Kobe Verde, Saudiya Arabiston va Urugvay terma jamoalari qaysi brend ostidagi liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda "H" guruhidan joy olgan Ispaniya, Kobe Verde, Saudiya Arabiston va Urugvay terma jamoalari qaysi brend ostidagi liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Guruhning ilk jamoasi Ispaniya termasi turnir davomida Adidas tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda harakat qiladi. Ispaniyaning uy libosi qizil rangda bo‘lib, bu Ispaniya futbolining ramziy rangi hisoblanadi. Forma sodda ko‘rinib qolmasligi uchun uning ustidan vertikal tarzda ingichka sariq chiziqlar o‘tkazilgan. Libosning yelka va yenglari esa to‘q ko‘k rangda ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, yengining yuqori qismi sariq va qizil rangli chiziqlar bilan bezatilgan. Bu esa Ispaniya bayrog‘ining ranglarini eslatib yuboradi.

Ispaniyaning safar libos oq rangda ishlangan bo‘lib, uning ustki qismiga juda nozik, deyarli sezilmaydigan ornament naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning yeng va yoqa qismi bardoviy va oltin rang kombinatsiyasi bilan ishlov berilgan holda ajratilib qo‘yilgan.

Guruhning yana bir jamoasi mundial debyutantlaridan hisoblangan Kobo Verde terma jamoasi ushbu turnir davomida Capelli sport brendi ishlab chiqargan liboslardan foydalanadi. "Moviy akulalar"ning birinchi libosi to‘q ko‘k rangda ishlangan. Libosning usti qismi geometrik naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning yoqa qismi V shaklda ishlangan va qizil rang bilan ajratilib qo‘yilgan.

Kobo Verdening mehmon libosi oq rangda bo‘lib, u sodda va oddiy ko‘rinib qolmasligi uchun mayda geometrik naqshlar bilan ishlov berilgan. Libosning yoqa va yeng uchlari qizil va ko‘k chiziqlar kombinatsiyasi bilan ajratilib qo‘yilgan.

Guruhning uchinchi termasi Saudiya Arabiston jamoasi ushbu mundialga Adidas brendi tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda tashrif buyuradi. "Arab lochinlar”ining uy libosi to‘q yashil rangda yaratilgan. Formaning ustki qismiga random tarzda binafsha rangdagi shaklar joylashtirib chiqilgan. Bundan tashqari, formaning oldi qismida geometrik naqshlardan iborat dizayn ham mavjud. Formaning yoqa qismi oq va binafsha rangli chiziqlari bilan ajratilib qo‘yilgan.

Saudiyaliklarning safar libosi oq rangda bo‘lib, u hech qanday naqshlarsiz oddiy dizaynda ishlangan. Formaning yoqasi V shaklda ishlangan holda qora va oltin rangli chiziqlar bilan ajratilib qo‘yilgan.

Guruhning so‘nggi jamoasi Urugvay termasi ushbu turnirda Nike brendi ishlab chiqargan liboslarda harakat qiladi. Urugvayning uy libosi och ko‘k rangda bo‘lib, bu rang Urugvayning milliy ranglaridan biri hisoblanadi. Libos oddiy va sodda dizaynda ishlangan. Formaning yoqa qismi polo uslubida yaratilgan va oq rang bilan ishlov berilgan.

Urugvayliklarning ikkinchi libosi noodatiy tarzdan ishlanganligi bilan ajralib turadi. Bu libosning asosiy rangi qora bo‘lishiga qaramasdan uning ustida ko‘k va moviy ranglar kombinatsiyasidan iborat bo‘lgan dizayn ham mavjud. Bundan tashqari libos ustiga dinamik chiziqlar va yorug‘likka o‘xshash abstrakt shakllar bilan ham ishlov berilgan.
