Jahon chempionati: Meksika 100 foizlik natija qayd etdi, Bosniya va Gersegovina tarixiy yutuqqa erishdi
Jahon chempionatida guruh bosqichining navbatdagi uchrashuvlari yakunlandi. Meksika maksimal 9 ochko bilan pley-offga chiqdi, Bosniya va Gersegovina esa o‘z tarixida ilk bor mundialning hal qiluvchi bosqichiga yo‘llanma oldi.
AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tayotgan futbol bo‘yicha XXIII Jahon chempionatida guruh bosqichining hal qiluvchi bahslari yakunlanib bormoqda. Navbatdagi uchrashuvlardan keyin bir qator terma jamoalar pley-off bosqichiga chiqish vazifasini muvaffaqiyatli hal etgan bo‘lsa, ayrim jamoalar uchun mundial erta yakunlandi.
“A” guruhida Meksika terma jamoasi uchinchi turda Chexiyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, guruh bosqichini maksimal natija — 9 ochko bilan yakunladi. Mateo Chaves, Xulian Kinones hamda Fidalgo tomonidan kiritilgan gollar mezbonlarga navbatdagi g‘alabani taqdim etdi. Shu tariqa meksikaliklar guruhda birinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga yo‘l oldi.
Guruhning yana bir uchrashuvida Janubiy Afrika Respublikasi Janubiy Koreyani 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Tapelo Maseko tomonidan kiritilgan yagona gol afrikaliklarga muhim uch ochko keltirdi. Natijada Hugo Bros shogirdlari 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqich masalasini hal qildi. Janubiy Koreya esa uchinchi o‘rinda qolgan bo‘lsa-da, eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida pley-offga chiqish imkoniyatini saqlab turibdi.

“B” guruhida esa Shveysariya terma jamoasi Kanada ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, 7 ochko bilan guruh g‘olibi sifatida pley-offga chiqdi. Kanada ham 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan holda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mazkur guruhdagi yana bir bahsda Bosniya va Gersegovina Qatarni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu natija bosniyaliklar uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. Chunki jamoa o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatining pley-off bosqichiga chiqishni kafolatladi. Bu imkoniyat Shotlandiyaning Braziliyaga yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi ortidan rasman tasdiqlandi. Bosniya va Gersegovina 4 ochko bilan guruhda uchinchi o‘rinni egalladi va eng yaxshi uchinchi o‘rin sohiblari qatorida mundialdagi ishtirokini davom ettiradi. Qatar esa 1 ochko bilan musobaqani tark etdi.

“C” guruhida Braziliya terma jamoasi Shotlandiyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, pley-off bosqichiga chiqdi. Vinisius Junior dubl qayd etgan bo‘lsa, yana bir gol Mateus Kunya hisobiga yozildi. Shuningdek, Neymar qariyb uch yillik tanaffusdan so‘ng milliy jamoa safida yana maydonga tushdi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Marokash Gaitini 4:2 hisobida mag‘lub etdi. Natijada Braziliya va Marokash bir xil — 7 ochkodan jamg‘ardi. Biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra braziliyaliklar birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Shotlandiya 3 ochko bilan uchinchi, Gaiti esa ochkosiz so‘nggi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa guruh bosqichining navbatdagi turidan keyin Meksika, Janubiy Afrika Respublikasi, Shveysariya, Kanada, Bosniya va Gersegovina, Braziliya hamda Marokash terma jamoalari pley-off bosqichida ishtirok etishi aniq bo‘ldi. Endi asosiy e’tibor qolgan guruhlardagi hal qiluvchi bahslarga qaratilmoqda. Ular mundialning hal qiluvchi bosqichida ishtirok etadigan jamoalarning to‘liq ro‘yxatini shakllantiradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA