Jaholatga qarshi ma’rifat
Ma’lumki, har qanday kasallikning oldini olish uchun, avvalo, kishi organizmida unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Shu ma’noda fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Binobarin, yoshlarimizdan mustaqil fikrlash, ma’naviyatli, milliy qadriyatlarga sodiq, dunyoqarashi keng, irodasi mustahkam, sabr-bardoshli bo‘lish, oshkora va pinhona ko‘rinishdagi turli ma’naviy tahdidlarga doim tayyor turish, zamon bilan barobar qadam tashlash talab etiladi.



Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatidagi professional ta’lim muassasalarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida tadbirlar o‘tkazilmoqda. Shunday tadbirlar Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filiali akademik litseyi, Farg‘ona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi hamda Bog‘dod, Quva, Qo‘shtepa, Oltiariq tumanlaridagi kasb-hunar maktablarida bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida fotoko‘rgazma tashkil qilinib, ekstremizm va terrorizm, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarning oqibatlari, yoshlar tarbiyasi, ilm olish, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi lavhalar namoyish etildi. Shuningdek, tadbirlarda imom-xatiblar va boshqa ma’ruzachilar tomonidan islom dini tinchlik dini ekanligi, tinchlik-osoyishtalik ulug‘ ne’matligi, ilm olish zarurat va savobi, ota-onani hurmat qilish, Vatanni sevish hamda jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish mumkinligi haqida ma’ruzalar qilindi.
Mazkur tadbirlar viloyat hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat boshqarmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.



N. Bozorova, O‘zA