Jadidlarning xayriya jamiyatlari: "Jamiyati Imdodiya" (+video)
Jadidlar tuzgan xayriya jamiyatlari, uyushma va tashkilotlarining asosiy yo‘nalishi mustamlaka sharoitida Turkiston aholisining mehnat huquqini, jamiyatning turli qatlamlari: dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlar, savdogarlar va hokazolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish ham bo‘lgan.
Jadidlar Turkiston aholisini o‘z haq-huquqlarini talab qilishga o‘rgatishdan tashqari xayriya jamiyatlari tashkil qilganlarini ta’kidlash joiz. Bu jamiyatlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri inson qadri uchun kurash bo‘lganini unutmasligimiz lozim. 1909-yil Munavvarqori Abdurashidxonov toshkentlik boylar Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li, Komilbek Norbekov va Karimbek Norbekov kabilar homiyligida 1909-yil 15-iyulda maqsadi “o‘zbek xalqining bilim bilan oqartirish, yetim yoki ota-onasi yo‘qsil bo‘lg‘an bolalarni o‘qittirishdan iborat bo‘lgan “Jamiyati imdodiya”ni (“Yordam”) tuzadi. Uning 41 banddan iborat nizomi ham tasdiqlanadi. Jamiyatga Saidkarimboy Saidazimboy o‘g‘li rais, Munavvarqori Abdurashidxonov rais o‘rinbosari etib tayinlangan. Bashirullaxon Asadulloxo‘ja o‘g‘li, Abdulla Avloniy, Nizomqori mulla Husayn o‘g‘li va Toshxo‘jahoji Tuyoqboy o‘g‘li jamiyat a’zolari bo‘lgan.
“Jamiyati imdodiya” a’zolarning aniq belgilangan oylik va yillik badallari, homiyliklari asosida faoliyat yuritgan. Ushbu jamiyat amalga oshirgan muhim ishlardan biri kambag‘alxona va nogironlar uyi ochgani bo‘lgan. Kambag‘alxonadan uysiz, ishsiz qolganlar foydalanishi mumkin bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida 10 kishini qabul qilish, ularga ijtimoiy yordam berish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Kambag‘alxona nochor ahvolda qolgan kishilarni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta’minlashdan tashqari ish topishlariga ham ko‘maklashgan. Bu ishlarning boshida Munavarqori Abdurashidxonov turgan.
Jamiyat aholining kambag‘al qatlamiga xususiy shifoxonalardan foydalanishlari uchun ham sharoit qilib bergan. Jamiyat mablag‘lari hisobidan shifoxona xarajatlari qoplangan.
Batafsil: <iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/4CFnq60_bGs" title="Jamiyati Imdodiya" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhayyo Turdaliyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA