Jabrlangan ayollarga huquqiy ko‘mak berildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-iyundagi 354-sonli qaroriga asosan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ijtimoiy, psixologik, huquqiy hamda boshqa masalalarda maslahat berish va axborot taqdim etish kabi xizmatlar ko‘rsatilishi belgilangan.
Bunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, tegishli vazirlik va idoralar hamkorligi muhim sanaladi.
Shu munosabat bilan Majburiy ijro byurosi Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi huzuridagi Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Xorazm viloyati hududiy markazi bilan hamkorlikda markazdagi jabrlanuvchi ayollar uchun huquqiy targ‘ibot va tashviqot tadbiri tashkil etildi.

Davra suhbatida Byuroning Urganch shahar bo‘limi davlat ijrochisi Durdona Atamuratova hamda Urganch tumani bo‘limi davlat ijrochisi Nargiza Xudoyberganovalar tomonidan jabrlanuvchi ayollarga aliment va boshqa ijro hujjatlari yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.

– Jamiyatda ayollar va bolalar o‘zini himoyasiz sezishi bu ayanchli holat, – deydi Urganch shahar bo‘limi davlat ijrochisi Durdona Atamuratova. – Tegishli organlar va jamoatchilik tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga tinimsiz harakat qilayotgan bo‘lsa ham afsuski bunday holatlar uchramoqda. Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatini ham tushuntirdik.

Samimiy va ochiq o‘tgan muloqot davomida ayollar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan bergan savollariga huquqshunos mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri