Izlangan o‘qituvchining maoshi yuqori bo‘ladi
Bugun mamlakatimizda o‘qituvchilarning nufuzini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘z ustida ishlagan, izlangan o‘qituvchi bugun ming dollar va undan ortiq maosh olmoqda.
Ayni paytda Buxoro viloyati umumta’lim maktablaridagi 29 934 nafar pedagoglarning 5 742 nafari, oliy, 8 004 nafari, birinchi, 9 502 nafari, ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilardir. Joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida malaka toifasiga ega o‘qituvchilar salmog‘i 69,9 foizdan 77,7 foizga oshdi.


O‘qituvchilarning qariyb 4000 nafari xalqaro va milliy sertifikatga ega. 118 nafar o‘qituvchi Vazir jamg‘armasi ustamasi uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Buning natijasida ayni kunda ming AQSH dollari va undan ortiq maosh olayotgan o‘qituvchilar soni 205 nafarni tashkil etmoqda.

– Chekka bir qishloqning nemis tili fani o‘qituvchisi Germaniya davlatiga borib malaka oshiradi, deb kim o‘ylagandi. Bugun men mana shu ta’lim dargohida ishlab 1000 AQSH dollaridan ortiq maosh olmoqdaman. O‘zbek o‘qituvchisining obro‘yi nafaqat maktabda, balki qishloqda, mahallada, tumanda, viloyatda, respublikada, hatto xorijda ham e’tirof etilmoqda. O‘z ustida ishlagan o‘qituvchi 1000 AQSH dollaridan ko‘p maosh olishi mumkin. Buning uchun yurtimizda barcha imkoniyat yaratilgan, – deydi tumandagi 1-umumta’lim maktabi nemis tili fani o‘qituvchisi Feruza Jo‘rayeva.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri