Izboskan tumanida 5 ming 500 gektar ekinzorning suv ta’minoti yaxshilandi
Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yillik bayrami arafasida Izboskan tumanidagi bundan 128 yil avval qurilgan “Dasturxonchi” kanali rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Izboskan tumani hokimi Abrorbek Ahmadaliyev, Norin – Qoradaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sirojiddin Qurbonov, soha mas’ullari, fermerlar va aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari va aholi tomorqalarining suv ta’minotini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, “Dasturxonchi” kanalining rekonstruksiya qilinishi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan ekanligi haqida so‘z bordi.


Rekonstruksiya qilingan mazkur kanal 1898-yilda qurilgan bo‘lib, Paxtaobod va Izboskan tumanlari hududi aholisi, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kanalning umumiy uzunligi 9,27 kilometr bo‘lib, u orqali 5 ming 500 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari hamda aholi tomorqalari suv bilan ta’minlanadi.
Kanalning loyihaviy suv o‘tkazish hajmi sekundiga 5 kub metrni tashkil etadi. Unda 18 ta gidrotexnik inshoot mavjud. Yillar davomida kanalning tuproq o‘zani foydalanishi natijasida suvning filtratsiya orqali yo‘qotilishi ortib, ayrim uchastkalarda suv sizib chiqishi kuzatilgan. Bu esa kanalning foydali ish koeffitsiyenti pasayishiga va suv resurslarining sezilarli yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda edi.
Mazkur ob’ekt Prezidentimizning 2025-yil 27-dekabrdagi “2026 – 2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida to‘liq rekonstruksiya qilinib, betonlash ishlari bajarildi. Shuningdek, gidrotexnik inshootlarning texnik holatini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi.



– Ushbu kanaldan mahallamizdagi ko‘plab xonadonlar va dehqon xo‘jaliklari suv oladi, – deydi Paxtaobod tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Yusufjon Berdibekov. – Ilgari ayrim paytlarda mahalla ekin maydonlariga suvning yetib kelishi qiyin bo‘lardi. Kanalning beton qilinishi aholi uchun ham, tomorqa egalari uchun ham yaxshi bo‘ldi. Endi suv ta’minoti barqaror bo‘ladi, deb umid qilyapmiz.
Rekonstruksiya ishlari natijasida kanalning foydali ish koeffitsiyentini 85–90 foizga yetkazilib, yiliga o‘rtacha 350 ming kub metr suvni iqtisod qilish imkoniyati yaratildi.
Eng muhimi, kanal orqali suv oladigan 5 ming 500 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari va aholi tomorqalarining suv ta’minoti yaxshilanadi. Bu esa ekinlarni o‘z vaqtida sug‘orish, tomorqalardan samarali foydalanish va hudud aholisi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri