Ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda
Prezident maktablarida farzandini o‘qitish aksariyat ota-onalarning orzusidir.
Shu kunlarda mamlakatimizda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonlar qizg‘in kechmoqda.
Mazkur imtihonlar “O‘zekspomarkaz” majmuasida bo‘lib o‘tmoqda. Aytish joizki, imtihonlar belgilangan talab va qoidalarga qat’iy rioya etgan holda, tartibli o‘tkazilmoqda.
Pavilonlarda bolalarning test sinovlarini bemalol ishlashi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Imtihon o‘tkazilayotgan binolar tegishli tarzda kuzatuv kameralari, zarur texnik jihozlar, auditoriya mutasaddilari, kuzatuvchi-pedagoglar bilan ta’minlangan.
Aytish kerakki, 2022 yil 14 aprelda davlatimiz rahbarining “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Ushbu hujjat ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etishga yagona yondashuvni shakllantirish, ushbu maktablar tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’limga malakali rahbar va pedagog kadrlarni jalb qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash tizimini takomillashtirishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
Yangi tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan maktablarga 2022/2023 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 1 iyundan 30 iyungacha onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi. Joriy yilda umumta’lim maktablari o‘quvchilaridan yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qish uchun qariyb 300 mingga yaqin ariza kelib tushgan. Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 65 ming nafardan ko‘proq o‘quvchi ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qish imkonini qo‘lga kiritadi.
N.Usmonova, O‘zA