Ixtisoslashtirilgan maktab ilk o‘quvchilarni bag‘riga oldi
Andijon shahrida Prezident ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘z faoliyatini boshladi.
Keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ta’lim muassasasi ochilishi va yangi o‘quv yili boshlanishiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi. Unda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova tomonidan mamlakatimizda yoshlarni puxta bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Prezident, ijod hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘rni va roli muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
– Andijon viloyatida 13 ta tuman va shaharda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – bugungi kunda ularning aksariyatida qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Mazkur maktablarda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi. Maktablarda faoliyat olib borish uchun belgilangan sinovlar asosida 349 nafar tajribali pedagog ishga qabul qilindi, shuningdek, zaxira pedagoglar ro‘yxati shakllantirildi.
[gallery-8671]
Andijon shahri markazida qad rostlagan ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quv xonalaridan tashqari oshxona, alohida laboratoriya, kompyuter xonalari, tadbirlar o‘tkaziladigan zal mavjud bo‘lib, ular zarur jihozlar, texnik vositalar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, maktab kutubxonasidan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, ularning elektron shakllari, shuningdek, o‘zbek va jahon badiiy adabiyoti namunalari o‘rin olgan.
Umumiy qiymati 6,5 milliard so‘mga teng loyiha doirasidagi qurilish ishlari Andijon shahridagi “Bunyodkor trans servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.
– Joriy yilda mazkur maktabning 5-11 sinflariga kirish uchun hujjat topshirgan o‘quvchilardan 312 nafari test sinovlari asosida o‘qishga qabul qilindi, – deydi Prezident ta’lim muassasalari agentligi Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Rasuljon Karimov. – O‘quvchilar ikki – aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida ta’lim oladi. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab esa har yili faqat 5-sinfga o‘quvchilar qabul qilinadi.
Darslar va boshqa mashg‘ulotlar milliy dastur hamda xalqaro andozalar doirasida olib boriladi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA.