Italiya parlamenti delegatsiyasi Samarqandda
Italiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi deputati, “Italiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari Fabritsio Bensoni boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar Samarqand shahridagi Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qildi.
– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanib bormoqda, – deydi Fabritsio Bensoni. – Bu hamkorlik ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari tufayli rivojlanmoqda. Biz ham Toshkentda “Italiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhining yig‘ilishida parlamentlararo muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalar, ilm-fan va ta’lim almashinuvi, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar hamda turizm sohasida imkoniyatlarni kengaytirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. O‘zbekistonlik do‘stlarimiz joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 12-Global yoshlar parlamenti forumiga Italiya delegatsiyasini ham taklif qilishdi va biz bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qildik.
[gallery-28792]
Italiya parlamenti vakillari qadimiy Samarqandning bugungi qiyofasi yanada ko‘rkamlashib, turizmning jadal rivojlanib borayotganini e’tirof etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari