Italiya elchisi bilan uchrashuv
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishga muhim ahamiyat berilayotgani qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Italiya Respublikasining Favqulodda va muxtor Elchisi Andrea Bertossi bilan videokonferens-aloqa shaklida muzokaralar oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston-Italiya munosabatlarining bugungi holati va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi, shu jumladan oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirishga muhim ahamiyat berilayotgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan 2019-yil 6-may kuni Rim shahrida boʻlib oʻtgan Hukumatlararo ishchi guruhining 6-majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi.
Suhbat oxirida Vazir Elchiga Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Elchi Italiyaning Toshkent shahridagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati qoʻllab-quvvatlangani uchun tashakkur izhor qildi.