Istiqlolning 34 yilligiga 34 tuhfa
Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi bayrami nishonlanayotgan ayni shukuhli damlarda Namangan viloyatida to‘yga o‘ziga xos to‘yona sifatida qurilgan bir qator infratuzilma ob’ektlari foydalanishga topshirildi.
Jumladan, Chust tumanidagi Og‘asaroy mahallasi hududida joylashgan 28-sonli umumta’lim maktabi yangi o‘quv binosiga ega bo‘ldi. Aytish joizki, ushbu ta’lim maskanida sinf xonalari yetishmasligi sababli o‘quv jarayonlari ikki smenada olib borilardi. Bu esa, tabiiyki o‘quvchilar, ularning ustozlari va ota-onalari uchun ham ko‘plab noqulayliklar tug‘dirardi.
Investitsiya, qurilish va kapital ta’mirlash ishlari uchun Jahon banki mablag‘lari hisobidan 2 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflandi. Maktabning mavjud bino inshootida kapital ta’mirlash ishlari olib borilib, o‘quv dargohi zamonaviy va ko‘rkam qiyofaga keltirildi. Yangi binoning ochilishiga bag‘ishlangan tantanada Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, nuroniylar va tuman faollari jam bo‘ldi.
[gallery-25113]
Sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish jarayonlarida nodavlat sektorni keng qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor tufayli Namangan tumanidagi Katta Toshbuloq mahallasida yangi barpo etilgan “Abdurahmon ota” xususiy klinikasi o‘z ish faoliyatini boshladi.
Shifoxonaning tantanali ochilishida qayd etilganidek, qariyb 7 milliard so‘m evaziga qad rostlagan ushbu tibbiyot markazida zamonaviy tibbiyot jihozlari o‘rnatildi. Klinika tarkibida 50 o‘rinli davolash bo‘limi, laboratoriya, dorixona, fizioterapiya, fitobar va fitnes zali mavjud. Zamonaviy klinikada malakali shifokorlar tomonidan urologiya, ginekologiya, terapiya, jarrohlik amaliyoti yo‘nalishlarida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Shifo maskani bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ziyod bemorni qabul qilish va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Loyihani amalga oshirish natijasida 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Pop tumanida 52-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bolajonlarga o‘z eshiklarini ochdi. Uyg‘ur mahallasining 140 o‘rinli mazkur bog‘chasi 2 milliard 487 million so‘m hisobiga tubdan yangilandi. Bu yerda zamonaviy oshxona binosi qurilib, mavjud binolar to‘liq ta’mirlandi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil davomida Pop tumanida 79 ob’ektda 194 milliard 403 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shundan, to‘qqiztasi maktab, to‘rttasi bog‘cha, ikkita sport inshooti, bitta kasb-hunar ta’limi muassasasi bo‘lib, bunyodkorlik ishlari uchun mahalliy byudjetdan 52 milliard 420 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Chortoq tumanida mustaqillik bayrami munosabati bilan bir vaqtning o‘zida ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi zamonaviy qiyofada bolajonlarga tuhfa etildi. Bundan 33 yil avval qurilgan, 140 o‘ringa mo‘ljallangan 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida Prezidentimizning tegishli qarori hamda Jahon banki ko‘magida 2 milliard 966 million 180 ming so‘m sarflangan holda, mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida Laskidon mahallasida joylashgan 30-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham 5 milliard 341 million so‘mlik loyiha asosida yangitdan qurib bitkazildi. Ikki muassasaning ochilishi tuman faollari, ayniqsa, har ikki mahalladagi ota-onalar uchun chinakam xursandchilikka ulandi.
Yurtimizda o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini mustahkamlash, aholiga qulay va samarali shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi o‘laroq, Uchqo‘rg‘on tumanidagi Birlik va Uchko‘prik mahallalarida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi mahalla binolari tantanali ravishda ishga tushirildi.
Mustaqillik kuniga o‘ziga xos bayram sovg‘asi bo‘lgan yangi binolarda “mahalla yettiligi” – raisdan tortib yoshlar yetakchisigacha keng imkoniyatlarni yaratadi. Bino zamonaviy ish xonalari, aholiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan shart-sharoitlar, muloqot va madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
Mazkur maskanlar mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuvlar, ma’rifiy va tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazish, yoshlar bilan samarali ishlash, shuningdek, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.