Istiqlol ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar yo‘nalishida yangi ufqlarni ochdi
Shu kunlarda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasiga hamohang tarzda turli tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan, parlament quyi palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan “Fan-ta’lim, sport va madaniyat sohalarini tartibga soluvchi huquqiy asoslarning takomillashuvi va bunda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Turli vazirlik va idoralar vakillari, ekspertlar, olimlar ishtirok etgan tadbirda mamlakat taraqqiyoti, inson qadrini yuksaltirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, yurtimizning xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar sohalarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim sifati xalqaro standartlar asosida oshirilayotgani, ilmiy tadqiqotlar samaradorligi yuksaltirayotgani, innovatsion iqtisodiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi o‘rni oshib bormoqda. Davlat tomonidan ilmiy loyihalar qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Yoshlarning bilim olishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, innovatsion g‘oyalarini amalda ro‘yobga chiqarishi hamda mehnat bozoriga integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasida yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalar sifatida belgilanib, ular doirasida qator ishlar olib borilmoqda.
Davra suhbatida sport, madaniyat, san’at sohalaridagi yangi mexanizmlar, sportchilar va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, har bir sohada erishilgan natijalarni mustahkamlash, ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, yoshlarning startap va innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sport infratuzilmasini rivojlantirish, madaniy meros ob’ektlarini raqamlashtirish borasida taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA