Istiqlol quvonchi — har bir xonadonda, har bir qalbda
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
Dunyoda shunday bir buyuk so‘z borki, inson yuragida ilohiy nur kabi doimo yolqinlanib porlaydi, tanga quvvat, ruhga rohat, umrga farog‘at bag‘ishlaydi. Bu “Vatan” kalomidir. Ona va Vatan – yagona. Bu tushuncha hech qachon o‘zgarmaydi. Har qancha aytilsa ham eskirmaydi, qiymati kamaymaydi. Xuddi, non doim tabarruk bo‘lganidek...
Bugun Istiqlolning nurli, jozibali manzarasi hayotimizning har jabhasida namoyon. Yurtdoshlarimiz dunyo qadar saodat va ezgulikni bir-birlariga ravo ko‘rib yashamokda.

Istiqlolning har bir yili nafaqat davlatimiz taraqqiyoti, balki fuqarolarimiz hayotiga ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar qo‘shmoqda. Buni “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati “Tashqi suv ta’minoti” sexi nazoratchisi Shuhrat Abdullayev hayotida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Dehqonobodning “Tog‘aytemir” qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan qahramonimiz qariyb 20 yildan buyon qadrdon korxonasida vijdonan mehnat qilib kelmoqda. Uning ishga mas’uliyat bilan yondashuvi, tirishqoqligi va tashkilotchiligi hamkasblariga mudom o‘rnak.

Shuhrat akaga hayotda ham, ishda ham sabr-toqat, halollik hamroh. Uning 4 farzandi ham otasi kabi ilmga tashna, yurtga xizmat qilish ishtiyoqida yonadi. To‘ng‘ichi Hojimurod Toshkent davlat transport universiteti 3-bosqich talabasi, ikkinchi o‘g‘li Hojiakbar shu yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga qabul qilindi. Shahriyor 9-sinfda, Shahzod esa 8-sinfda tahsil olyapti.
E’tiborli jihati, Shuhrat akaning barcha farzandlari xorijiy, ayniqsa ingliz tiliga juda qiziqadi. Hojimurod yaqinda ingliz tili bo‘yicha IELTS me’yori bo‘yicha yuqori baho olib, Buyuk Britaniyada malaka oshirib kelish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

“Bir yigitga qirq hunar oz”, deganlaridek, Sh.Abdullayev milliy qadriyat va an’analarimizga chuqur hurmat bilan qaraydi. Milliy iftixorimiz – Kurash sirlarini yaxshi egallagan. Qolaversa, baxshichilikka muhabbati cheksiz: yoshlar orasida xalq og‘zaki ijodi namunalarini muntazam targ‘ib etadi. Tabiiyki, bo‘sh vaqtida qo‘liga do‘mbira olib, terma xirgoyi qiladi.
– Yurtimiz mustaqil bo‘lmaganida, bugun na farzandlarim yaxshi ta’lim olardi, na men mehnatim bilan qadr topib, oilamga baraka keltira olardim, – deydi Shuhrat aka. – Hozir har bir yurtdoshimizda orzu-umidini ro‘yobga chiqarish imkoni bisyor. Albatta, bu imkoniyatlarni qadrlashimiz, Vatanimiz taraqqiyoti uchun har birimiz astoydil harakat qilishimiz kerak.

Qahramonimiz singari fidoyilar o‘lkamizda minglab topiladi. Ular orqali yurtimiz ravnaqi ta’minlanadi, istiqlol samarasi har bir xonadon, har bir qalbga kirib boradi.
Bir so‘z bilan aytganda, bag‘ri keng xalqimiz bugun o‘z kelajagini o‘zi belgilaydigan, farzandlari uchun erkin, farovon hayot ta’minlangan davrda yashamoqda.
O‘.Alimov, O‘zA