Istiqbolli loyihalar samaralari
Buxoro shahridagi sobiq “Buxoro Qorako‘l” zavodi majburiyatini bajara olmagani uchun “nol” qiymatda investitsiya kiritish sharti bilan 7 ta mahalliy investorlarga bo‘lib berilgan. Natijada joriy yilning sentyabr oyiga qadar 1000 ta ish o‘rni yaratiladi. Ayni kunda 2 ta investor loyihalarini amalga oshirmoqda. Qolgan 5 ta investor sentyabrgacha faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Buxoro shahridagi "Medium Inter Prof" MCHJ negizida dekorativ eshiklar, turli xildagi setkalar va profil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ham mana shunday investorlardan biri. Ayni paytda korxonada 50 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona bir yilda 10 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
–Korxonamiz tomonidan 100 xil mahsulot ishlab chiqariladi, – deydi korxona rahbari Rahimjon Raupov. – Mahsulotlarimiz asosan qurilishda ishlatiladi. Ayni kunda mahsulotlarimiz mahalliy bozorda xaridorgir.
Korxona sexlarida xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular yordamida bir kecha-kunduzda 300 million so‘mlik temirchilik mahsulotlari (temir panjara va darvozalar, deraza romlari, bino va xonalar uchun temir bezaklar va boshqa buyumlar) va hokazolar ishlab chiqarilmoqda. Mahoratli temirchi ustalar tomonidan bu yerda shuningdek buyurtmalarga muvofiq shaxsiy chizmalar asosida boshqa bir qator ishlarni ham bajarish yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-5891]
“Ewer White Group” MCHJ korxonasi tomonidan To‘qimachilik maxsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tayyor mahsulot faqat xorijga eksport qilinadi. Sobiq “Buxoro Qorako‘l” zavodi binosinig bir qismi umumiy qiymati 600 ming AQSH dollari ekvivalenti investitsiya mablag‘lari kiritish va 100 ta ish o‘rni yaratish hisobiga to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri “nol” qiymatda ushbu MCHJ ga berilgan.
Korxonada 105 kishi mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning ko‘pchiligi hududlardagi MFY larning “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlari ro‘yxatiga kiritilgan 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar, yoshlardan iborat. 3 smenada mehnat qilayotgan xodimlar uchun issiq ovqat, kiyim-kechak va borib kelishi uchun transport yo‘lga qo‘yilgan.
Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan iplarning sifatli bo‘lishi ana shu ishchilarning tinimsiz mehnatiga, o‘z kasbiga chindan-da mehr qo‘yganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Buni mehnat jamoasining har bitta a’zosi to‘liq tushunib yetgan. Shu bois, ishlab chiqarishdagi pirovard natijalar ham salmoqli bo‘lmoqda. Xom ashyoning korxonaga xitoydan o‘z vaqtida yetkazib berilayotganligi har oyda 700 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot ishlab chiqarish va Turkiya davlatiga jo‘natishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2025 yilga borib korxona ish jarayonini to‘la klaster asosida tashkil etish rejalashtirilgan. Hozircha esa bu yerdagi bo‘yash, pardozlash va o‘rov sexlarida ish qizg‘in. Fidokorona mehnat tufayli korxona bo‘yicha har oyda 140 tonna sifatli ip ishlab chiqarilmoqda. Bu esa buyurtmachilar talab ehtiyojini to‘la qondirmoqda.
Ayni kunda korxona dunyoning 7 ta jumladan, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Polsha kabi davlatlariga mahsulot eksportini amalga oshirmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA