Istiqbolli loyihalar
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida qishloq xo‘jaligida mehnat samaradorligini yanada oshirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aholi bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida qishloq xo‘jaligida mehnat samaradorligini yanada oshirish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aholi bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotir.Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etadigan loyihalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga xalqaro moliya va iqtisodiyot institutlarining mablag‘lari keng jalb etilmoqda. Keyingi yillarda xorijiy investitsiyalar hisobidan bir qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Natijada minglab gektar sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holati yaxshilandi, suv ta’minoti kafolatlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlaridagi sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va tuproq unumdorligini oshirish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.
Ellikqal’a, Beruniy va To‘rtko‘l tumanlari hududidagi sug‘oriladigan yerlarda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va kafolatli o‘zioqar suv bilan ta’minlash maqsadida “Janubiy Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi bo‘yicha ish boshlab yuborildi.
2014-2020-yillarga mo‘ljallangan mazkur loyihada belgilangan tadbirlar yakuniga yetgach, suv xo‘jaligi tizimida xarajatlar sezilarli darajada kamayadi. Aholi yashayotgan hududlar hamda 100 ming gektar sug‘oriladigan maydonni suv bilan ta’minlash, xo‘jaliklarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, daromadlarini oshirish imkoni yaratiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 376 million 700 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
– Mazkur loyihaga ko‘ra, uchta tuman hududidagi suv yo‘llarida rekonstruksiya, mukammal ta’mirlash va qayta tiklash ishlari olib boriladi,–deydi loyihaning texnik direktori o‘rinbosari O‘ktam Rozumov. – Xususan, “Bo‘ston” kanalining 35 kilometr qismi mukammal rekonstruksiya qilinib, suv o‘tkazgich quvvati har soniyada 105 kubometrga yetkaziladi. “Magistral o‘ng qirg‘oq” kanalining 31 kilometr, “Paxtaarna” kanalining 27,5 kilometr qismida ham mukammal rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Tumanlardagi jami 375 kilometr uzunlikdagi xo‘jaliklararo kanallar rekonstruksiya qilinadi. “Tuyamo‘yin” suv omborining xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar ham shular jumlasidan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyiha to‘liq amalga oshirilgach, hududda ayni paytda foydalanilayotgan suv nasoslariga hojat qolmaydi. Shuning hisobiga Amudaryodan suv chiqaradigan davlat nasos stansiyalariga yiliga sarflanayotgan 5 milliard 780 million so‘m, suvdan foydalanuvchilar uyushmalari hamda fermer xo‘jaliklarining nasoslariga sarflanayotgan 8 milliard so‘m mablag‘, shuningdek, 21 million kilovatt-soat elektr energiyasi hamda ko‘plab dizel yonilg‘isi tejaladi.
Loyiha doirasida janubiy tumanlarning qishloq xo‘jalik korxonalari va fermer xo‘jaliklariga texnik xizmat ko‘rsatish maqsadida “Agrotexpaxta MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
– Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yetmishta yangi paxta terish mashinasi fermer xo‘jaliklariga tarqatildi, – deydi “Agrotexpaxta MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati Ellikqal’a tumani bo‘limi rahbari Murodbek Xudoyberganov. – Dehqonning qanoti bo‘lgan bu texnikalardan hosil yig‘im-terim ishlarida unumli foydalanilmoqda.