Istiqbolli hamkorlik samaralari
Mazkur xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida fond koʻplab xalqaro tashkilotlar bilan qator loyihalarni amalga oshirayotir. “Americares” (AQSH) xalqaro xayriya tashkiloti shu kabi ishlarga katta hissa qoʻshib kelayotgan hamkorlardan biridir.
“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi muruvvat yoʻnalishida xayriya tadbirlarini amalga oshirish, oʻz Nizom hamda Davlat dasturlarining ijrosini taʼminlash maqsadida Respublikamizdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Sahovat” uylari, maxsus maktab internatlari tarbiyalanuvchilarini qoʻllab-quvvatlash uchun dori-darmon, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat, nogironlik aravachalari, sport inventarlaridan iborat muruvvat yordamlarini koʻrsatib kelmoqda.
Mazkur xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida fond koʻplab xalqaro tashkilotlar bilan qator loyihalarni amalga oshirayotir. “Americares” (AQSH) xalqaro xayriya tashkiloti shu kabi ishlarga katta hissa qoʻshib kelayotgan hamkorlardan biridir.
Ushbu xayriya tashkiloti delegatsiyasi 20-sentyabr kuni insonparvarlik yuklarining ishlatilishini oʻrganish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari dastlab Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi vakillari bilan uchrashdi. Unda hamkorlik samaralari va istiqboldagi rejalar xususida soʻz bordi. Shundan soʻng “Americares” (AQSH) xalqaro xayriya tashkiloti delegatsiyasi aʼzolari Samarqand shahar sogʻliqni saqlash boʻlimi hamda “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat boʻlimi vakillari hamrohligida shahardagi davolash-profilaktika muassasalarida boʻldi.
Jumladan, mehmonlar Samarqand shahridagi 2-son oilaviy poliklinikasida insonparvarlik yuklarining ishlatilishini atroflicha oʻrgandi. Shu yerning oʻzida bemorlar bilan yakkama-yakka suhbatlashib, ularga yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Tashrif doirasida “Americares” (AQSH) xalqaro xayriya tashkiloti delegatsiyasi aʼzolari Samarqanddagi tarixiy obidalar hamda shaharning diqqatga sazovor joylarini ham koʻzdan kechirish imkoniga ega boʻldi.