Istiqbolli hamkorlik boshlandi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashida O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan “Qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuv” loyihasining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati va O‘zMTDPdan saylangan mahalliy kengash deputatlari, Fransiyaning Grenobl universiteti talabalari, viloyat "Hunarmand" uyushmasi, viloyat turizm departamenti hamda suv xo‘jaligi boshqarmasining mutasaddilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasidagi Fransiya elchixonasining qo‘llab-quvvatlashi va hamkorligida xalqaro ta’lim jamiyati bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad Fransiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida madaniy va ilmiy jihatdan bilim va ko‘nikmalarni almashishdan iborat.
Taqdimotda ilgari surilgan birinchi loyiha, xalq amaliy san’atining ajralmas qismi bo‘lgan milliy hunarmandchilik sohalarini Fransuz yoshlariga o‘rgatishdan iborat. Shuningdek, o‘zbek yoshlarini Fransiyaning amaliy san’ati bilan yaqindan tanishtirish. Ikkinchi loyiha atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lib toza ichimlik suviga bo‘lgan talab va ehtiyojdan kelib chiqib aholining barcha qatlamlarini ichimlik suvi hamda arzon elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.

– Ushbu loyiha shudring suvini yig‘ib, ichimlik suvi o‘rnida foydalanish, ariqlarda tegirmonlar (charxpalak) qo‘yib, aholini arzon elektr energiyasi bilan ta’minlashda nihoyatda ahamiyatli, – deydi partiyaning viloyat kengashi raisi Maxsud Muxammedov.
– Ayniqsa, cho‘l hududlarida yashovchi fermerlar, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan aholi qatlami uchun qulaylik yaratadi. Loyihaning yana bir e’tiborli jihati shundaki, turizm rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan uyg‘un ravishda kulolchilik sir-asrorlarini o‘rganishda, o‘zaro tajribalar almashishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda partiya oldida turgan ustuvor vazifalar bilan uzviy ravishda turizmni rivojlantirish va milliy qadriyatlarimizga yo‘g‘rilgan milliy hunarmandchiligimizni keng targ‘ib etishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur loyiha Fransiyaning AZU jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Fransiyaning Grenobl universiteti talabalari tomonidan joylarda 4 oy mobaynida tadqiqotlar amalga oshiriladi.
–Mazkur loyiha Fransiya bilan amalga oshirilayotgan birinchi tajribadir, – deydi partiyadan saylangan viloyat kengashi deputati, usta kulol Abdulla Narzullayev.
– Ayni damda Farg‘onaning Rishton tumanida bo‘lib qaytgan talabalar G‘ijduvon tumanida ham bir oy mobaynida bo‘lishadi. G‘ijduvon kulolchiligi sir-asrorlarini o‘rganishadi. Uchrashuvda kelajakda Ӯzbekistonning Fransiya elchixonasi hamda Fransiyaning AZU jamg‘armasi bilan hamkorlikda ushbu davlatdan tashrif buyuradigan talabalar sonini kӯpaytirish hamda turizm sohasida ham hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan rejalar ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, ӮzA