Iste’molchilar murojaati qanoatlantirilmoqda
Nurafshon shahrida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, amaldagi qonunchilik talablari va ijrosi yuzasidan seminar o‘tkazildi.
Unda dastlab mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi mavjud holat yuzasidan axborot berildi. Xususan, o‘tkazilgan o‘rganish-tahlillar va Iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida joriy yilning 7 oyida jami 3 milliard 53 million so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan. Shu bilan birga, 126 ming nafardan ziyod iste’molchilar huquqlari tiklangan.

O‘tgan davrda hududiy boshqarmaga iste’molchilardan jami 1 ming 742 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 78 foizi qanoatlantirilgan va iste’molchilarning uy-joy qurilishi, issiqlik ta’minoti, ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti, chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari, shuningdek, savdo sohasidagi avtomashina, maishiy texnika, dori va tibbiy vositalar xaridlari va boshqa yo‘nalishlarda huquqlarini tiklash orqali 929,1 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar qayta hisob-kitob qilingan.

Statistik ma’lumotlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, viloyat aholisidan iste’molchi sifatidagi murojaatlar soni yildan-yilga ortgan. Ayniqsa, savdo sohasidagi noroziliklar ko‘paygan. Jumladan, savdodagi shartnomaviy oldi-sotdi munosabatlarida iste’molchilarning haq-huquqlari buzilgan. Ayniqsa, elektron do‘konlar orqali amalga oshirilayotgan onlayn savdolarda xaridorlarning noroziligi ortib borayotganini kuzatish mumkin.

Seminarda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Murodjon Umarov tadbirkorlarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi. Savdo sohasidagi iste’molchilarning huquqlari himoyasini mustahkamlash va buzilayotgan huquqlarini tiklashdagi o‘zgarishlar aytildi. Ishtirokchi tadbirkorlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA.