Iste’molchilar huquqlari himoyada
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Angren shahrida keng jamoatchilik vakillari va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda mutaxassislar tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot tahlil qilindi. Qayd etilganidek, tizim xodimlariga o‘tgan davrda jami 3 ming 500 ga yaqin va 2026-yil I choragi davomida mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Hisobot davrida jami 150 dan ortiq holatlarda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi bo‘yicha ishlar qo‘zg‘atilgan hamda davlat boshqaruv organlari va mahalliy hokimlik organlariga 14 ta holatda taqdimnomalar kiritilgan.

Davlat xaridlari yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qo‘mitasi Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan umumiy boshlang‘ich narxi 1 trillion so‘mdan ziyod bo‘lgan 1 ming 339 ta davlat xaridlari o‘rganildi. Qonunchilik talablari buzilish holatlari yuzasidan 768 ta xarid bo‘yicha jami 96 ta ish qo‘zg‘atilgan. Ular yuzasidan 96 ta ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.
Shuningdek, jami 25 ta holatda 2 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilgan. 96 ta ish yuzasidan jami 26 ta holatda tanlov savdolarini bekor qilish choralarini ko‘rish yuzasidan yozma ko‘rsatma berilgan. Nohalol raqobat, til biriktirishlar va kartel kelishuv holatlari bo‘yicha 27 ta ish qo‘zg‘atilib, tegishli choralar ko‘rilgan.

– Hisobot davrida hududiy boshqarma tomonidan Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jami 190 ta ish qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, xalq iste’mol tovarlarining sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nazorat xaridlari o‘tkazildi. Tuman va shaharlarda tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalarini tartibga solish yuzasidan monitoring ishlari o‘tkazildi. Natijada aniqlangan holatlarning 90 foizdan ortig‘iga tashqi reklama vositasini bartaraf qilish choralari ko‘rilgan, – deydi Toshkent viloyati hududiy boshqarma boshlig‘i Jo‘rabek Ismoilov.
Muloqotda ishtirokchi tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javob oldi.


A.Musayev, O‘zA.