Iste’molchilar huquqi qonun himoyasida
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholining qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, ularning buzilgan huquqlarini tiklash va adolatni qaror toptirish borasida tizimli ishlar izchil davom etmoqda.
Navoiy viloyatida ham bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar o‘z samarasini bermoqda. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hududiy tuzilmalari tomonidan fuqarolarning murojaatlari tezkor o‘rganilib, qonuniy yechimi ta’minlanmoqda.
Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro T.A. murojaat qildi.
Aniqlanishicha, fuqaro bilan qurilish kompaniyasi o‘rtasida 2026-yil 2-fevralda 230 million so‘mlik uy-joy shartnomasi tuzilgan. Keyinchalik shartnoma bekor qilingan bo‘lsa-da, iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ o‘z vaqtida qaytarilmagan.
O‘rganishlar yakuni bo‘yicha jamiyat mutaxassislari tomonidan iste’molchining qonuniy huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo kiritildi.
Sud qaroriga muvofiq, qurilish tashkiloti zimmasiga iste’molchi tomonidan to‘langan 230 million so‘m mablag‘ni 15 kun muddatda qaytarish majburiyati yuklatildi.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida sudgacha bo‘lgan tartibda ham ko‘plab ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan, Navoiy shahrida yashovchi fuqaro D.X. Federatsiyaning 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, Karmana tumanidagi “Moto Moto” savdo do‘konidan 8 million 500 ming so‘mga xarid qilingan skuter nosoz chiqqanini ma’lum qildi.
Murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, savdo korxonasi rahbariyatiga iste’molchining qonuniy huquqlari tushuntirildi. Natijada fuqaroga nosoz skuter o‘rniga yangi skuter taqdim etildi.
Xuddi shunday holat Navbahor tumanida ham kuzatildi. Uchtut mahallasida yashovchi fuqaro S.B. 1091 ishonch telefoni orqali murojaat qilib, “Imona” savdo markazidan xarid qilingan “Zifler” rusumli konditsioner nosoz chiqqanini, bir necha marta murojaat qilganiga qaramay, mahsulot almashtirilmaganini bildirdi.
Murojaat belgilangan tartibda o‘rganilib, savdo tashkiloti rahbariga qonun talablari tushuntirildi. Natijada iste’molchining konditsioneri yangisiga almashtirib berildi.
Bu misollar mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi nafaqat huquqiy jihatdan, balki amaliy natijalar bilan ham mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, 1091 ishonch telefoni orqali kelib tushayotgan murojaatlarning tezkor ko‘rib chiqilishi, nizolarning ko‘p hollarda sudgacha hal etilishi aholi uchun qulay huquqiy mexanizmlarni yaratmoqda.
Eng muhimi, har bir iste’molchi o‘z huquqini talab qilish, buzilgan manfaatlarini tiklash hamda zarur hollarda sud orqali adolatga erishish imkoniyatiga ega.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri