Iste’molchilar huquqi himoya qilinmoqda
Bugun mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar aholi manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar murojaatlariga tezkor va qonuniy yondashuv esa bu tizim samaradorligini yanada oshirayotgan asosiy omillardan biridir.
Navbahor tumanida yashovchi fuqaro Rasul Mansurov tomonidan elektromobil sifati yuzasidan qilingan murojaat tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi.
Uning ma’lum qilishicha, Karmana tumanida joylashgan “AGRO FINANS LIZING”AJ dan xarid qilingan Changan rusumli elektromobil sotuvchi tomonidan aytilgan texnik ko‘rsatkichlarga javob bermagan.
Mazkur holat qonun doirasida ko‘rib chiqilib, iste’molchining qonuniy manfaatlari ta’minlandi hamda muammo bartaraf etildi.
Yana bir holatda esa Navbahor tumanida yashovchi fuqaro Xolova Oyzoda xususiy tibbiyot muassasasida xizmat uchun amalga oshirilgan to‘lov bilan bog‘liq muammoga duch kelgan. U plastik karta orqali 300 ming so‘m to‘lov qilgan bo‘lsa-da, mablag‘ yechib olinganiga qaramasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan bu inkor etilgan.
Ushbu murojaat ham o‘rganilib, muassasa rahbariyatiga qonuniy tushuntirishlar berildi. Natijada fuqaroning mablag‘i to‘liq qaytarildi.
Bu kabi misollar mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi samarali ishlayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, har bir murojaat e’tiborsiz qolmasdan, qonuniy yechim topmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA