“Iste’dodli yoshlar maydoni” loyihasi
Jizzax viloyati prokuraturasining tashabbusi bilan Jizzax shahridan boshlangan o‘ndan ortiq turli tanlovlar, sport musobaqalari, intelektual o‘yin va kibersport bellashuvlarini o‘z ichiga olgan “Iste’dodli yoshlar maydoni” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi o‘smir o‘g‘il va qiz bolalar hamda yosh yigit-qizlar qatnashmoqda.
Viloyatning Zomin va Do‘stlik tumanlarida ham Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 yanvardagi “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda Jizzax tajribasi asosida ushbu loyiha doirasida uyushtirilgan tadbirlarda tuman mahallalaridan saralangan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘smir va yoshlardan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi.
[gallery-20559]
O‘smir o‘g‘il va qiz bolalar, yosh yigit-qizlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ushbu tadbirlarning bosh maqsadi etib belgilangan.
Loyiha doirasida futbol, minifutbol, shaxmat bo‘yicha sport musobaqalari, shuningdek, qo‘shiqchilik va she’riyat yo‘nalishlari bo‘yicha “Yoshlar ovozi” va “G‘azalxon yoshligim”, rassomchilik bo‘yicha “Ona yurtimni tasvirlayman”, “Yosh hunarmand”, “Yosh ixtirochi”, “Yosh dasturchi” ko‘rik-tanlovlari, shuningdek, “Quvnoqlar va zukkolar”hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari va kibersport bahslari bo‘lib o‘tdi.
“Iste’dodli yoshlar maydoni” loyihasi doirasida viloyatning barcha hududlarida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarga o‘smir va yoshlar yuqori tayyorgarlik hamda katta ishtiyoq bilan faol ishtirok etayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Zomin va Do‘stlik tumanlarida tashkil etilgan tadbirlarning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari