Iste’dodli yoshlar maskani
Prezidentimizning 2025-yil 28-iyulda “O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi an’analarini munosib davom ettirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmadi. Bu qisqa vaqt mobaynida esa salmoqli ishlar amalga oshirildi.
– Qarorda madaniyat va san’at sohasi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi asosida milliy musiqa san’ati va badiiy ijodni rivojlantirish, milliy qo‘shiqchilik va ijrochilik san’ati hamda ijro an’analarini o‘rganish, tadqiq etish va munosib davom ettirish, milliy qo‘shiqchilik va ijro san’ati bo‘yicha Sherali Jo‘rayev nomidagi tanlovni o‘tkazib borish kabi qator vazifalar belgilangan, – deydi maktab direktori Mirmuhsin G‘afurov. – Shuningdek, maktabda Sherali Jo‘rayev ijodiy yo‘nalishi va faoliyati bo‘yicha ilmiy-ijodiy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu, albatta, Prezidentimiz tomonidan musiqa va san’at sohasiga, ushbu yo‘nalishda iste’dodli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishga ko‘rsatilayotgan e’tiborning namunasidir. Qolaversa, o‘tgan qisqa davr ichida ko‘plab o‘quvchilarimiz, respublika, xalqaro miqyosdagi tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.
[gallery-31543]
Musiqa – insonlarni ezgulik olamiga yetaklovchi ma’naviy vosita hisoblanadi. Musiqa deb atalmish ilohiy mo‘’jizani anglash, uni tushunish, ta’sirini sezish uchun hech qanday tarjimonning keragi yo‘q. Shu ma’noda aytish joizki, musiqa va san’at sohasida yuzlab iste’dodlarni bag‘riga olgan Sherali Jo‘rayev nomli musiqa va san’at oliy maktabida yosh iste’dodlarni tarbiyalash, kamolga yetkazish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Umumiy maydoni besh ming kvadrat metr bo‘lgan, zamonaviy binolarga ega mazkur bilim dargohida yoshlarning puxta bilim olishi, musiqa va san’atning o‘ziga xos sir-asrorlarini mukammal egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 720 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda mavjud ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha 186 ta sinf xonasi, 4 ta katta va kichik zal, konsert zali, 13 ta texnik va yordamchi xonalar zarur jihozlari bilan ta’minlangan.
Ayni kunda maktabda fortepiano, torli cholg‘ular, an’anaviy xonandalik, estrada xonandaligi, damli zarbli cholg‘ular, xalq cholg‘ulari, estrada cholg‘ulari, tasviriy san’at, xalq raqsi ijrochiligi singari 17 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 573 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Maktabning moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi. Ayniqsa, sinf va mashg‘ulotlar xonalari zarur jihozlar, musiqa asboblari bilan ta’minlandi. Birgina joriy yilning o‘zida 12 dona elektropianino, elektron doska olindi. Buning natijasida o‘quvchilarga amaliy va nazariy bilim berish samaradorligi, ta’lim sifati yanada ortdi.
Maktab o‘quvchilari zarur darsliklar bilan ta’minlangan. Shuningdek, 48 ming nusxadan ziyod bosma, elektron o‘quv va badiiy adabiyotlar fondiga ega maktab kutubxonasi, dam olish xonalari, barcha qulayliklarga ega 500 o‘rinli yotoqxona va oshxona o‘quvchilar ixtiyorida.
Hozirda maktabda ko‘p yillik tajribaga ega 280 nafar malakali pedagoglar faoliyat olib bormoqda. Ularning 250 nafari oliy ma’lumotli mutaxassislardir. O‘qituvchilarning bilim, malaka va salohiyatini oshirish bo‘yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida 24 nafar pedagog O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi badiiy ta’lim yo‘nalishidagi pedagog va mutaxassis kadrlarning malakasini oshirish markazlarida malaka oshirdi. Bundan tashqari, maktab Toshkent davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomli estrada san’ati instituti, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti singari qator muassasalar bilan hamkorlik memorandumi imzolagan.
– Maktabda Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi an’analarini munosib davom ettirish maqsadida laboratoriya tashkil qilingan va hozirda keng samarali ishlar olib borilmoqda, – deydi laboratoriya mutasaddisi Odiljon Nishonov. – Bu yerda Sherali Jo‘rayev haqida chop etilgan “Qo‘shiq sehri”, “Qo‘shiq olamining sultoni”, “Hayot va haqiqat” nomli kitoblar, uning o‘ziga xos ijodi xususida ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolalar, ulug‘ san’atkorning portretlari, turli yillardagi fotosuratlari jamlangan.
Mazkur ta’lim maskanida mehnat qilayotgan ustoz va murabbiylarning doimiy izlanishlari, ta’lim jarayonida o‘qitishning noan’anaviy usullari, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishlari samarasi o‘laroq, maktabdan sohaning malakali mutaxassislari yetishib chiqmoqda. Qolaversa, maktab o‘quvchilari orasidan turli tanlov, festival, fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgan iste’dodlar safi yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, 2025-yil va joriy yilning o‘tgan davrida maktabning 61 nafar o‘quvchisi nufuzli xalqaro va respublika musiqa va san’at festivallarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
– Men o‘tgan yili “Yoshlar ovozi” respublika tanlovida birinchi, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo “Bolalar romansiadasi” xalqaro tanlovida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi maktabning akademik xonandalik yo‘nalishi 11-sinf o‘quvchisi Xonzodabegim Ismoilova. – Bundan buyon ham ustozlarimdan puxta ta’lim olib, yanada ko‘proq yutuqlarga erishish, Toshkent davlat konservatoriyasiga grant asosida o‘qishga kirish harakatidaman. Qolaversa, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib, milliy musiqa san’atimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishni o‘z oldimga asosiy maqsad qilib qo‘yganman.
An’anaviy xonandalik bo‘limi boshlig‘i Xolmurod Xorinovning qayd etishicha, ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan Ozodbek Tolipov, Hikmatillo Hayitov, Saidakbar Ikromov, Hikmatillo Jo‘rayev, Javohir Abdusalomov singari o‘quvchilar ham respublika va xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan.
Joriy yilning o‘zida maktab o‘quvchilaridan Saidakbar Ikromov akademik yo‘nalishida Bishkekda o‘tkazilgan “Umid romansiadasi”, fortepiano yo‘nalishi o‘quvchilari marjona Abdumajidova, Oydinoy Abdullayeva, “Do‘stlik musiqasi”, xalq cholg‘uchiligi o‘quvchilari Gulnoza Akbarova, Shukrona Kamolova, Gulshanoy Muxtorova, Murodil Inomjonov, Shaxrizoda Abdullayeva “ADLIBITUM” ko‘p janrli xalqaro tanlovlarda g‘oliblar qatoridan joy olgan.
– O‘quvchilarimiz erishayotgan yutuqlar bilan albatta, faxrlanamiz, – deydi maktab o‘qituvchisi Surayyo Mullajonova. – Lekin oldimizda qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Har bir o‘quvchiga puxta bilim berish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish hamda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun astoydil mehnat qilishimiz lozim. Joriy yilda musiqa va san’at oliy maktabining 261 nafar ilk bitiruvchisidan 166 nafari respublikamizning turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Maktab jamoasining asosiy maqsadi ana shu ko‘rsatkichni yanada oshirishga, musiqa va san’at sohasida malakali o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan.
– Maktabning teatr san’ati yo‘nalishi o‘quvchilari ham qator yutuqlarga erishmoqda, – deydi Aktyorlik san’ati kafedrasi mudiri Isoqjon Ergashev. – Xususan, Zebo Abdulhamidova, Jasmina Iskandarova singari o‘quvchilarimiz o‘tgan yili “Yosh iste’dodlar” respublika tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Darhaqiqat, yosh iste’dodlar maskani bo‘lgan ushbu maktabning juda ko‘p o‘quvchilari yuksak natijalarga erishib, ustozlari, mutaxassislar, ota-onalari, keng jamoatchilikning hurmat va e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
– Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan biz ijodkor yoshlarga juda keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda, – deydi maktabning teatr san’ati yo‘nalishi o‘quvchisi Jasmina Iskandarova. – Ana shu imkoniyatlar tufayli men o‘z ijodim bilan ko‘plab tanlov va ko‘rgazmalarda ishtirok etyapman. O‘tgan yili “Ijodkor yoshlar” tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Erishayotgan yutuqlarimda maktabimizda yaratib berilgan shart-sharoitlar, ustozlarimizning hissasi juda katta.
– Shu yil bahorda Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan rus romanslari ijrosi bo‘yicha IX “Umid romansiadasi” xalqaro tanlovida qatnashib, 2-o‘rinni egalladim, – deydi maktabning akademik xonandalik yo‘nalishi 11-sinf o‘quvchisi Saidakbar Ikromov. – Meni shu darajaga erishishimga ko‘mak bergan ustozlarimdan minnatdorman, qolaversa, ko‘plab yoshlarning musiqa va san’at bilan shug‘ullanishlari, o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berayotgan yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda Sherali Jo‘rayev nomli musiqa va san’at oliy maktabida yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan, milliy qo‘shiqchilik, musiqa san’atimizni dunyoga namoyish etadigan yuzlab iqtidor va iste’dod egalari kamol topmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari