Iste’molchilar huquqlari ishonchli himoyada
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari, shuningdek, tuman va shahar jamiyatlariga iste’molchilardan 7 ming 640 dan ziyod ariza va shikoyat kelib tushgan.
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari, shuningdek, tuman va shahar jamiyatlariga iste’molchilardan 7 ming 640 dan ziyod ariza va shikoyat kelib tushgan. Ularning 92,6 foizi ijobiy hal etilib, 2 milliard 862 million so‘mdan ziyod zarar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilgan.Bu haqda Milliy matbuot markazida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 2016-yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilganidek, ariza va shikoyatlarning asosiy qismi tabiiy gaz (29,5 foiz) va elektr energiyasi (14,9 foiz) ta’minoti, savdo-sotiq (22,4 foiz) sohalariga taalluqlidir. Shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti, kommunal xizmat ko‘rsatish, transport, sog‘liqni saqlash singari masalalar bo‘yicha ham murojaatlar ko‘pchilikni tashkil etgan.
Besh mingga yaqin murojaat yozma tartibda bildirilgan bo‘lsa, 2 ming 500 dan ortig‘i og‘zaki, "Ishonch telefoni" va elektron shaklda kelib tushgan.
Federatsiyaning virtual qabulxonasi ish boshlagani, shuningdek, www.istemol.uz sayti hamda "1091" yagona "Ishonch telefoni" orqali ariza, taklif va shikoyatlar qabul qilinayotgani iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilishda muhim omil bo‘lmoqda.
Iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida Federatsiya tomonidan tegishli vazirlik va nazorat qiluvchi organlar bilan birga aholining huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qonunlar targ‘iboti, iste’molchilar, fuqarolar murojaatlari, yo‘l harakati xavfsizligi, plastik kartochkalar va naqd pulsiz hisob-kitob singari mavzularda o‘quv seminarlari, davra suhbatlari o‘tkazilayotir. Mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda nashr etilgan "Elektr energiyasi ta’minotida iste’molchi hamda ta’minotchining huquq va majburiyatlari", "Temir yo‘l transportidan foydalanishda iste’molchilarning asosiy huquqlari" targ‘ibot plakatlari ma’rifiy tadbirlar ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumanida Federatsiya tomonidan aholi o‘rtasida savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari tomonidan aholiga bank plastik kartochkalari orqali savdo qilish, umumiy ovqatlanish korxonalari, shuningdek, madaniyat va istirohat bog‘lari tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazilgani ma’lum qilindi. So‘rovnomada mamlakatimizning turli hududlaridan 40 mingga yaqin respondent ishtirok etgan. Aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank va boshqa idoralarga taqdim etilgan.