Iste’molchiga ham, ta’minotchiga ham qulaylik
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida elektr ta’minoti korxonalari va abonentlar o‘rtasida hisob-kitob tizimining zamonaviy usullaridan foydalanilayotgani e’tiborga loyiq.
– Uyga yangi elektr hisoblagich o‘rnatishgani yaxshi bo‘ldi. Bozor yoki do‘kondan mahsulot xarid qilgandek, elektr energiyasi uchun pulni avvaldan to‘laymiz, – deydi ishxonadan shoshilib chiqib ketayotgan hamkasbim. – Bugun ham ertalab ishga otlanayotsam, ayolim ro‘zg‘or uchun zarur mahsulotlar ro‘yxati bilan birga elektr hisoblagich kartochkasini ham qo‘limga tutqazdi.Hamkasbimning ishini ma’qulladim. To‘g‘ri-da, inson kundalik ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsuloti miqdorini yoki transport, maishiy xizmatga sarflanadigan mablag‘ni hisob-kitob qilib, oylik xarajatlarini shu asosda taqsimlaydi. Bu mahsulot yoki xizmat haqini hech qachon keyin to‘layman, deb aytolmaymiz. Shunday bo‘lgach, bizga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar haqini ham oldindan to‘lab qo‘yishga odatlanishimiz kerak-da.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida elektr ta’minoti korxonalari va abonentlar o‘rtasida hisob-kitob tizimining zamonaviy usullaridan foydalanilayotgani e’tiborga loyiq.
– Elektr energiyasiga talab ortib borayotgan bugungi kunda aholi va ulgurji iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlashda sifat samaradorligiga erishish eng muhim vazifalardandir, – deydi “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” ochiq aksiyadorlik jamiyati raisi G‘ulom Primov. – Bu borada mamlakat hukumati va “O‘zbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, elektr energiyasi sotilishi hamda undan foydalanishni hisobga olish va nazorat qilish tizimini mustahkamlash maqsadida barcha toifadagi iste’molchilarga bosqichma-bosqich zamonaviy elektron hisoblagichlar o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyatimizdagi aholi xonadonlarining qariyb ellik foizida yangi turdagi, ya’ni plastik tizimli elektron hisoblagichlar o‘rnatilgan. Narpay, Ishtixon va Samarqand tumanlarida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu hududlarda iste’molchilarning 62-72 foizi elektr energiyasi haqini yangi tizim bo‘yicha to‘lamoqda. Yaqinda Urgut tumanidagi besh mingdan ziyod aholi xonadonlari ana shunday zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlandi.
Barcha turdagi iste’molchilarga 2012-2017-yillarda elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanadigan elektron hisobga olish priborlari o‘rnatilishi rejalashtirilib, shu asosda ish olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 1-noyabrdagi “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish va iste’mol qilinayotgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar intizomini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu qaror asosida elektr energiyasidan foydalanuvchi iste’molchilar tomonidan iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda bir qator qulaylik va yangiliklar joriy etildi. “Elektrhisob” dasturi tashkil etilishi bilan elektr energiyasi iste’molchilarining yagona markazlashgan ma’lumotlar bazasi yaratildi. Iste’molchilarning mobil telefon raqamlari mazkur dasturga biriktirilib, ular uchun “O‘zbekenergo” kompaniyasi sayti orqali "Shaxsiy kabinet"ga kirish, o‘z hisobi va to‘lovlari monitoringini olib borish, so‘rovlar yuborish hamda mobil telefon raqamiga to‘lov va qarzdorlik bo‘yicha qisqa xabarlarni qabul qilish imkoniyati mavjud. Misol uchun, iste’molchining hisoblagich ko‘rsatkichi “Elektrhisob” dasturiga qabul qilinishi bilan uning mobil telefoniga SMS xabar yuboriladi.
Iste’molchilardan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni on-line rejimida qabul qilish tizimi ham joriy etilgan. Bu vazifa hozir “O‘zbekiston pochtasi”, PAYNET va bir qator banklar to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilayotir. Iste’molchi dasturdagi “Shaxsiy kabinet” orqali tushgan to‘lovlar, kiritilgan hisoblagich ko‘rsatkichlari, hisob-kitob tarixi, hisoblar to‘g‘risida ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Shuningdek, “Shaxsiy kabinet” yordamida iste’molchiga vaqtinchalik o‘chirish haqida ma’lumotnoma olish, plombalash, elektr hisoblagichni almashtirishga ariza berish imkoniyati yaratilgan. Bu fuqarolarning vaqtini tejash, interaktiv xizmatlardan foydalanish samaradorligini oshirish, muhimi, to‘lov intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda viloyatda iste’molchilarning 32 foizi mobil telefon raqamlari “Elektrhisob” dasturiga kiritilgan. Elektr energiyasi uchun to‘lovlarning yigirma foizdan ortig‘i on-line rejimida qabul qilinmoqda. Albatta, hozircha bu raqamlar unchalik katta emas. Ayni paytda olib borilayotgan ishlar yaqin vaqtlar ichida bu borada jiddiy o‘sish, rivojlanishni ta’minlashi shubhasiz.