Iste’mol madaniyati yuksalmoqda
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan “Yuksak iste’mol madaniyati sari” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan “Yuksak iste’mol madaniyati sari” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.Federatsiya raisi o‘rinbosari N.Yusupov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iste’molchi huquq va manfaatlarini muhofazalash, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari faoliyatini takomillashtirish, iste’mol madaniyatini yuksaltirishga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni asosida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qonunda iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olish va undan foydalanish chog‘idagi huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoyasi kafolatlangan.
Ayni vaqtda federatsiyaning 14 hududiy birlashmasi, 193 tuman jamiyati mutaxassislari ushbu qonun asosida aholi manfaatlarini ta’minlab kelmoqda.
Federatsiya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda aholining iste’mol va huquqiy madaniyatini oshirish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari, seminarlar, uchrashuvlar tashkil etmoqda.
Sohani takomillashtirish, xorij tajribasini o‘rganish maqsadida Xitoy, Malayziya, Germaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
– Iste’molchi ish, xizmat, ishlab chiqaruvchi, vositachi haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olishi, mahsulotni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qila olishi lozim, – deydi federatsiyaning monitoring bo‘limi bosh mutaxassisi Nasiba Mamarayimova. – Aholining bu boradagi fikri va bilimlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma loyihasi ishlanmoqda. Ushbu so‘rovnoma iste’molchilarning sohaga oid bilimlarini ham mustahkamlaydi.
Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar, istiqboldagi vazifalar va xalqaro tajribaga oid videorolik namoyish etildi.
Matbuot anjumanida noqonuniy tartibda xizmat ko‘rsatilgan, huquqi buzilgan, mol-mulki, sog‘lig‘iga zarar yetgan fuqarolar murojaatlari monitoringi, hududiy birlashmalar faoliyati tahlil etildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi.