Iste’dodli shaxmatchilar saralandi
Poytaxtimizda 8 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida mamlakat chempionatiga saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda 8 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida mamlakat chempionatiga saralash musobaqasi bo‘lib o‘tdi.Shveytsarcha tizimda yetti turdan iborat musobaqada oltmishga yaqin o‘g‘il-qiz o‘zaro bahslashdi. Qoidaga ko‘ra, har bir yosh guruhida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan shaxmatchilar shu yilning dekabr oyida o‘tadigan mamlakat chempionatining yarim final bahslarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
8 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi bahslarda olti shaxmatchi besh ochkodan jamg‘ardi. Qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha poytaxtlik shaxmatchilar Shamsiddin Sayid Usmon birinchi, Abdulla Jo‘rayev ikkinchi, Saidnazar Ne’matjonov uchinchi o‘rinni egalladi.
10 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida toshkentlik Umarxon Faxriddinxo‘jayev yetti ochko bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Uning jamoadoshi Foziljon Buzrukxo‘jayev 5,5 ochko bilan ikkinchi, farg‘onalik Nozima Dilmurodova 4,5 ochko bilan uchinchi bo‘ldi.
12-16 yoshli shaxmatchilar bahsida ham sovrinli o‘rinlar poytaxtlik shaxmatchilarga nasib etdi. Abduzafar Abdumalikov 6 ochko bilan birinchi, Kamronbek Qoraboyev 5,5 ochko bilan ikkinchi, Bobur Boboxo‘jayev 5 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.