Istanbul bo‘g‘ozi nega firuza rangga kirdi?
So‘nggi kunlarda Istanbulning Bosfor bo‘g‘ozida kuzatilgan firuza rangli manzara millionlab insonlarni hayratga solmoqda. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratlar va video lavhalar esa bu manzarani yanada mashhur qildi.
Olimlar bir qarashda oddiy tabiat hodisasidek ko‘rinadigan bu voqea ortida juda muhim ekologik va ilmiy jarayon borligini ta’kidlab, aholini ogohlantirmoqda. Zero, dengiz suvidagi o‘zgarish nafaqat tabiatning betakror go‘zalligi, balki ekotizimda kechayotgan nozik amaliyot belgisi o‘laroq talqin qilinyapti.
Mutaxassislar fikricha, bo‘g‘oz suvi firuza tusga kirishiga asosiy sabab “Coccolithophore” deb ataluvchi mikroskopik planktonlar ommaviy ravishda ko‘payishidir. Dengizda yashaydigan juda mayda, ko‘zga ko‘rinmaydigan bu bir hujayrali organizm asosan Qora dengiz va okeanda uchraydi.
Ushbu mavjudotning eng qiziq xususiyati tanasi atrofi kalsiy karbondan tashkil topgan mayda mineral qobiqchalar bilan qoplangani bilan bog‘liq. Quyosh nuri dengiz yuzasiga tushganda aynan shu oq mineral qatlam nurni qaytarib, suvga firuza va ko‘k tus beradi. Istanbul bo‘g‘ozida kuzatilayotgan go‘zal manzaraning asosiy sababi ham aynan shu tabiiy jarayondir.
Binobarin, “Coccolithophore” faqat dengizga chiroy bag‘ishlash bilan cheklanmaydi. Ekspertlar ta’kidlashicha, bunday mitti organizm Yer sayyorasining iqlim muvozanatida ham muhim o‘rin tutadi: atmosferadagi uglerod gazini yutib, dengiz tubiga olib tushish orqali global uglerod aylanishida ishtirok etadi.
Uglerod – hayot uchun zarur asosiy unsurlardan biri hisoblanadi. Inson tanasi, o‘simlik, havo, dengiz va hatto yer qa’ridagi neft ham uglerod bilan tirik. Shu bilan birga atmosferada uglerod gazi haddan tashqari ko‘payishi global isish va iqlim o‘zgarishini keltirib chiqaradi.
Mutaxassislar bo‘g‘ozdagi ayni holat, ya’ni jadal o‘zgarish oddiy mavsumiy jarayon emasligiga e’tibor qaratgan. Suv harorati oshib borishi, iqlim o‘zgarishi, atmosfera orqali kelayotgan cho‘l changi va insoniyat tomonidan yuzaga keltirilayotgan iflos planktonlar uchun yanada qulay muhit yaratmoqda.
Ayniqsa Sahroi Kabirdan havo oqimi orqali kelayotgan chang zarralari olimlar diqqat markazida. Yomg‘ir bilan dengizga tushayotgan ushbu minerallar tarkibida temir va boshqa elementlar planktonlar uchun tabiiy ozuqa vazifasini o‘taydi. Natijada suvdagi mitti organizmlar soni qisqa vaqt ichida keskin ortadi.
Bundan tashqari maishiy va sanoat chiqindisi dengizga oqizilishi ham jarayonni tezlashtirmoqda. Ayniqsa Marmar dengizining oqim sust ayrim hududlarida ifloslanish miqdori yuqori. Shuning uchun suv rangida farq yaqqol namoyon.
Istanbul bo‘g‘ozining oqim kuchli qismida suv musaffo firuza tusda tovlansa-da, ayrim qirg‘oq hududlarida jigarrang va zangsimon manzara kuzatilmoqda. Yana bir jiddiy xavotir “evtrofikatsiya” deb ataluvchi jarayon tufayli suvda ozuqa moddalari haddan tashqari ko‘payib ketishi natijasida kislorod miqdori keskin kamayishi bilan bog‘liq. Bunday vaziyat dengiz jonzotlarini qirib yuborishi mumkin.
Ma’lumki, Marmar dengiz minglab jonzot, marjon, dengiz o‘ti, pina va noyob tirik mavjudotlar uchun hayot manbai hisoblanadi. Mutaxassislar tabiat ma’lum darajada o‘zini tiklay olishini tan olsa-da, hozirgi ifloslanish bosimi oldida bu imkoniyat tobora cheklanib borayotganini aytib, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda. Dengizni muhofaza qilish, chiqindini qat’iy nazorat qilish, ilmiy asoslangan ekologik siyosatni kuchaytirish orqali jamoatchilik ongiga ta’sir ko‘rsatish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylangan.
Xullas, Istanbul bo‘g‘ozi firuza tusga kirishi bir tomondan tabiatning hayratlanarli go‘zalligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan insoniyatga berilgan jiddiy ekologik ogohlantirishdir.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya