Issiqxonalar: zararkunandalarga qarshi kurashilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektorda mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Albatta, mahalla ahlining o‘z tomorqasidan unumli foydalanishi, daraxtlar va ekinlardan mo‘l hosil yetishtirishida mahallabay ishlash tizimidagi bunday hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois mahallabay ishlash tizimi samaradorligini oshirish, fuqarolar muammolarini aniqlash, murojaatlarga mahallar kesimida javob topish maqsadida joylarda mas’ul idora va tashkilotlar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamkor tashkilotlar bilan hududlardagi mahallalarni obodonlashtirish, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish va daromadlarini oshirish borasida izchil izlanishlar olib borishmoqda. Poytaxtimizdagi mahallalarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar ulardan biri.

Sergeli tumanida o‘tkazilgan ana shunday uchrashuvda yilning har bir faslida bajarilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida tavsiya va ko‘rsatmalarni berildi. Shuningdek, O‘zgarish mahallasidagi 57-uyda ishlatilayotgan issiqxonada monitoring o‘tkazildi. Monitoring davomida xonadonda parvarish qilinayotgan geran, alstromeriya, xrizantema gullari ko‘zdan kechirilib, mahalliy zararkunandalar, karantin organizmlari haqida ma’lumotlar berildi.
–Bugun oldimizga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli yetishtirishda ko‘mak berish va uning eksportborligini oshirish, dalalardagi daromad manbalarini turli xil zararkunanda va hasharotlardan himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash vazifasi turibdi, –deydi Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi birinchi toifali agronom -inspektori Nodira Mamajonova.– Bu borada joriy yilda har bir mahallada samarali ish olib borishni rejalashtirib olganmiz. Bunda dastlab, tumanlarga biriktirilgan inspektorlar tomonidan har bir mahalla holati o‘rganilmoqda, xonadon va yer egallari bilan suhbatlar o‘tkazilmoqda. Xonadonlardagi mavjud issiqxonalar holati ko‘zdan kechirilmoqda. Natijada sohamizga oid kamchilik, muammo aniqlansa bartaraf etish choralarini ko‘rmoqdamiz, Mahallarda yurtdoshlarimizni tadbirkorlikka jalb etishni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda issiqxonada uchrovchi zararli organizmlarning tur tarkibi, ularning dominat turlari, tarqalish areali va biekologik rivojlanish xususiyatlari hamda ularga qarshi uyg‘unlashgan kurash usullari keng qo‘llanmoqda. Eslatib o‘tamiz, mahallabay tizimi doirasidagi uchrashuvlar, seminarlar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazilmoqda.
O‘zA