Issiqlik ta’minoti: muammo va yechim
Farg‘ona viloyatida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va sohada yechimini kutayotgan muammolar, istiqboldagi loyihalar bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Jurnalist va blogerlar viloyat "Issiqlik manbai" ishlab chiqarish davlat boshqarmasi tasarrufidagi "RK-3" markaziy qozonxonasi bo‘lib, bu yerdagi jarayon bilan tanishdi.
Qish mavsumida ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholidan issiqlik ta’minoti masalasida e’tirozlar ko‘payadi. Xo‘sh, bu muammoning yechimi bormi? Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlarning o‘ta eskirgani sababli mavjud issiqlik ta’minoti tizimida issiqlik manbalaridan maqbul darajada foydalanishning imkoni bo‘lmayapti. Bu esa issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyatiga, iste’molchilarni issiqlik xizmati va issiq suv bilan ta’minlash sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Markazlashtirilgan issiqlik ta’minotidan uzilgan ayrim ko‘p xonadonli uylar ko‘pincha sertifikatga ega bo‘lmagan va yong‘in xavfsizligi kafolatlanmagan gaz va elektr uskunalari bilan isitilmoqda.

Farg‘ona viloyatida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash, issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, resurslarni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aholini issiqlik energiyasi hamda issiq suv bilan ta’minlash sifati va darajasini oshirish borasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Viloyatda 5 ta issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, 22 ta lokal qozonxonalar bor. Issiqlik qozonxonalari orqali viloyatdagi 618 ta ko‘p qavatli uylar markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan.
Farg‘ona shahrida joylashgan “RK-3” markaziy qozonxonasini kapital ta’mirlash va modernizatsiya qilish loyihasiga 34,5 milliard so‘m sarf etilmoqda. bugungi kunda bu boradagi ishlar yakuniga yetkazilyapti. Buning natijasida 203 ta ko‘p kvartirali uylarning xonadonlari hamda 43 ta ijtimoiy va boshqa soha ob’ektlari issiqlik bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
Viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda mazkur loyihaning maqsadi va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
M. Sulaymonov, O‘zA