Ispaniyaga safar: Madridda daraxtlarga eʼtibor qanday?
Toshkentdan Istanbulga va undan Madridga uchib deyarli 12 soat vaqtda yetib keldik.
Yevropa ittifoqining moliyaviy koʻmagi bilan Markaziy Osiyoning Mintaqaviy ekologik markazi ( CAREC) “Oʻzbekistonda barqaror suv va ekologik rivojlanish uchun xabardorlikni va sheriklikni orttirish loyihasi“ (UzWaterAware) doirasida bir guruh oʻzbekistonlik jurnalistlar uchun Ispaniyaga stadi-tur tashkil qilingani haqida xabar bergan edik. Ushbu tadbirda OʻzA muxbiri Yesimxon Qanoatov ham ishtirok etmoqda. Quyida muxbirimizning ilk taassurotlarini eʼtiboringizga havola etamiz.
Toshkentdan Istanbulga va undan Madridga uchib deyarli 12 soat vaqtda yetib keldik. Shuning 9 soatdan koʻproq vaqtini “Turkiya havo yoʻllari”ning A-321 samolyotida oʻtkazdik. Charchadik. Yoʻl azobi, goʻr azobi. Madridga tushishimiz bilan eʼtiborimizni yam-yashil daraxtlar oʻziga jalb qildi. Madridda ayni paytda bahor mavsumi shekilli. 20 daraja iliq. Odamlar koʻylak va kalta yengli futbolkalarda yurishibdi.
Bir qarashda Madrid oddiy shaharga oʻxshaydi, tarixiy joylari kam, koʻp qavatli uylarning arxitekturaviy koʻrinishi ham oʻzlarimiznikiga oʻxshab ketadi. Juda baland binolar koʻrinmaydi. Lekin, shahar oʻziga yarasha saranjom-sarishta.
Mehmonxonaga narsalarimizni qoʻyiboq shahar aylanishga chiqdik. Madridni koʻzdan kechirar ekanmiz, koʻp qavatli uylarga yonma-yon oʻsib turgan daraxtlar diqqatimni tortdi. Ayni paytda Toshkent shahrida Yunus Rajabiy koʻchasidagi 66/1, 66/2, 66/3, 66/4 hamda 72-uylar oraligʻidagi yer maydonida 81 dona daraxtning kesib tashlangani haqidagi xabarlar koʻpchilik qatori meni ham juda afsuslantirayotgan edi.
Madridlik quruvchilar daraxtlarga umuman ziyon yetkazmasdan uylarni qurgan. Boʻlar ekan-ku, deb oʻyladim. Har qadamda chiqindi tashlanadigan konteynerlar oʻrnatilgan. Mehmonxonamizga uzoq boʻlmagan hududda shahar oʻrtasidan oqib oʻtuvchi kanal boʻyida maysazor bor ekan. Odamlar shu yerda oilasi va doʻstlari bilan kelib orom olyapti. Lekin, bironta chiqindi qoldirmaydi. Xaltalarga solib, maxsus konteynerlarga tashlaydi.
Koʻchalarda asosan soya soluvchi daraxtlar ekilgan. Manzarali daraxtlar juda ham koʻp emas. Soyali daraxtlar tagida maysazorlikda aylanib, charchogʻimiz qanday tarqab ketganini bilmay qoldik.
Shu oʻrinda bizning yurtimizda yoppasiga manzarali daraxtlar (archa, mojjevelnik, tuya va hokazo) ni ekayotgani esimga tushib ketdi. Masalan, Moʻynoqda katta yoʻlning ikki tomoniga shunday manzarali daraxtlarni ekib tashlangan. Birinchidan, bu kabi daraxtlarning na oʻziga, na odamlarga soyasi bor. Ikkinchidan, u daraxtlarning bahosi ham ancha va ularning barq urib oʻsib ketishi ham qiyin. Madridda asosan iqlimiga mos mahalliy daraxtlar ekilgan. Bizda ham mahalliy soyali daraxt turlari koʻp-ku. Nimaga shularni ekmaymiz ? Yozda soya topolmay qiynalamiz. Mutasaddilar esa soyali daraxtlarni qirqib tashlab yo qurilish tushiradi, yoki manzarali daraxt oʻstiradi.
Bugungi kunda daraxt ekish chellendjga aylanayotgan bir davrda tegishli rahbarlar shu tomoniga ham eʼtibor bersa yomon boʻlmasdi.
Maʼlumot uchun: tripmydream.com saytining yozishicha, Ispaniya sayyohlik boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi (birinchi oʻrinda Fransiya) . 2018-yilda Bu yerga 82,8 mln kishi tashrif buyurgan.