Islom moliyasi: Islomiy ipoteka yoki uy sotib olish imkoniyatlari yaratiladimi? (+video)
Islomiy bank an’anaviy banklar kabi pul bermaydi. Aksincha, bank mahsulot taklif qiladi. Masalan, sizga mashina kerak. Bu holatda bank avtomobilni sizning o‘rningizga sotib oladi. Aytaylik, avtomobil narxi 150 million so‘m. Bank o‘zining 30 million so‘mlik foydasini qo‘shib, jami 180 million so‘mga sizga sotadi. Shundan keyin ushbu summani belgilangan muddatga — masalan, 5 yilga bo‘lib to‘lash imkonini beradi. Bu yerda foiz qo‘shilmaydi. Narx oldindan kelishib olinadi va keyinchalik o‘zgarmaydi. Shu tariqa, bank foiz orqali emas, balki savdo orqali foyda ko‘radi.
Joriy yilning 27-martida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Bank-moliya akademiyasining katta o‘qituvchisi, islom moliyasi eksperti Hamid Rahmatov ushbu qonunda nazarda tutilgan yangiliklar, muhim jihatlar xususida suhbatlashdik.
– Qonun asosida O‘zbekistonda islomiy banklar qachondan ish boshlaydi?
– Barchaga ma’lum, mazkur qonun O‘zbekistonda islomiy moliya tizimini joriy etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Biroq, qonunda aniq boshlanish sanasi belgilanmagan. Amaliy jihatdan, islomiy banklar faoliyati Markaziy bank tomonidan beriladigan maxsus litsenziya asosida yo‘lga qo‘yiladi. Litsenziya berish jarayoni odatda 2 oygacha davom etadi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil 29-iyundan kuchga kiradi. Qonunning o‘zi bilan birga, uni qo‘llash mexanizmlarini ishlab chiqish uchun hukumatga hamda Markaziy bankka ma’lum muddat berilgan. Ushbu muddat ichida Markaziy bank zarur normativ-huquqiy hujjatlarni, xususan, islomiy moliya standartlarini tasdiqlashi lozim.
Shu sababli, 2026-yildan boshlab islomiy bank xizmatlari bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda. Dastlab banklar “islomiy oyna” orqali xizmat ko‘rsatadi, keyinchalik esa to‘liq mustaqil islomiy banklar shakllanishi mumkin. Bu jarayonda turli xil shartnomalar amaliyotga tatbiq etiladi.
Markaziy bank tomonidan qonun osti hujjatlari ishlab chiqiladi. Tartib-qoidalar, standartlar va nazorat mexanizmlari belgilanadi.
Ushbu qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, bankning islomiy moliya operatsiyalari jumlasiga quyidagilar kiradi. Ya’ni, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini investitsiyaviy omonatlarga jalb etish, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki investitsiyaviy omonatlarga jalb etish, tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali mijozni moliyalashtirish.
Shuningdek, birgalikdagi faoliyatni (sherikchilik) amalga oshirish yoki yuridik shaxslarning ustav kapitalida ishtirok etish orqali mijozni moliyalashtirish, mol-mulkni islomiy ijaraga berish (sotib olish huquqi bilan) yuzasidan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
O‘zbekistonda bank faoliyatini amalga oshirishga ushbu qonunda belgilangan tartibda tashkil etilgan va Markaziy bank tomonidan beriladigan tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar haqlidir. Mazkur litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi va litsenziyalarni yoki ularga doir huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi.
Markaziy bankda 5 nafar a’zodan iborat bo‘lgan Markaziy bankning Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Islomiy moliya faoliyati doirasida jami daromadlar tarkibiga islomiy moliya faoliyati bo‘yicha mukofot tarzidagi daromad, islomiy sug‘urta va islomiy qayta sug‘urta tashkilotining sug‘urtasi, qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha daromadi kiritiladi.
– Islomiy banklarda foiz bo‘lmasa, banklar qanday daromad oladi?
– Islomiy banklar daromadi foiz emas, balki real iqtisodiy faoliyatga asoslangan shartnomalar orqali shakllanadi. Bu shartnomalar bir necha toifaga bo‘linadi. Contract trading (savdo shartnomalari), murabaha – eng keng tarqalgan model, oldindan to‘lov asosida savdo, buyurtma asosida ishlab chiqarish, musashama - oddiy savdo, ijara asosidagi, ijara (lizing), oxirida egalik o‘tadigan lizing, investitsiya, mudaraba - foyda taqsimlash, musharaka - sherikchilik, kamayib boruvchi sherikchilik kabi toifaga bo‘linadi.
– Islomiy bank xizmatlari an’anaviy kreditlarga nisbatan arzonroq bo‘ladimi?
–Islomiy moliyada narx shakllanishi yuqoridagi shartnomalarga bog‘liq. Masalan, murabahada ustama oldindan belgilanadi. Ijarada ijara haqi mavjud, musharakada foyda ulushi taqsimlanadi. Shu sababli narx bozor sharoiti, risk darajasi, shartnoma turiga bog‘liq bo‘ladi.
Ba’zan islomiy moliya arzonroq bo‘lishi mumkin. Ya’ni, bu tizimda “har doim arzon” degan tushuncha noto‘g‘ri.
Bu savolga yagona «ha» yoki «yo‘q» javobini berish qiyin. Qonunning maqsadlaridan biri bu tizimni soliq jihatidan raqobatbardosh qilishdir. Hozircha, islomiy bank xizmatlari narxi umumiy bozor sharoiti va har bir bankning biznes-modeliga bog‘liq bo‘ladi. Biroq, ishonchli tahlil uchun bozorda haqiqiy mahsulotlar paydo bo‘lishini kutish kerak.
– Islomiy ipoteka yoki uy sotib olish imkoniyatlari yaratiladimi?
– Ha, rasmda ko‘rsatilgan shartnomalar asosida bir nechta muqobil mexanizmlar mavjud. Murabaha – bank uy sotib olib, ustama bilan sotadi. Ijara muntahiya bittamlik – uy ijaraga beriladi va keyin mijozga o‘tadi. Musharaka mutanaqisa – bank va mijoz sherik bo‘lib uy sotib oladi, mijoz bank ulushini asta-sekin sotib oladi. Bu modellarning barchasi real aktivga asoslangan bo‘lib, foizsiz ipoteka tizimini shakllantiradi.
Suhbatning to‘liq shaklini mazkur videohavolada ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mO1_X7dpy4o" title="Islom moliyasi: Islomiy ipoteka yoki uy sotib olish imkoniyatlari yaratiladimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA