Islom ma’naviy merosiga innovatsion yondashuvlar
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati majlislar zalida "Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusida xalqaro ilmiy-madaniy simpozium hamda "O‘zbekiston o‘rta asr Qur’onlari" va "Imom Buxoriy innovatsion muzeyi" loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
"Islom – tinchlik va ezgulik dini" simpoziumi davomida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan islomiy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, "O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi" mega-loyihasi muhokama qilindi.
Simpoziumga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlari doktori, professor Akmal Saidov moderatorlik qildi.
Turk qo‘lyozmalari boshqarmasi prezidenti Joshkun Yilmazning ma’ruzasi yig‘ilganlarda katta qiziqish o‘yg‘otdi. U o‘z tashkiloti faoliyati va O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik loyihalari haqida ma’lumot berib, qadim madaniy merosimizga oid xushxabarni aytib o‘tdi. Joshkun Yilmaz boshqarayotgan Turkiya qo‘lyozmalar boshqarmasiga qarashli Sulaymoniya kutubxonasida eng nodir kitob – Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon tomonidan 1318 yilda ko‘chirilgan nodir Qur’oni Karim qo‘lyozmasi saqlanadi.

– Bu o‘ta qadimiy noyob qo‘lyozmani yaqinda O‘zbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining Turkiyaga safari davomida delegatsiya a’zolariga ko‘rsatgan edik, – dedi Joshkun Yilmaz. – Kitob nihoyatda go‘zal bezaklar bilan bezatilgan. Ushbu qo‘lyozma Fotix sulton Mexmet tomonidan Qrim urushidan o‘lja sifatida Istanbulga olib kelingan. Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan uning faksimile nusxasini chop etish niyatidamiz.
Simpozium qatnashchilari bu xushxabarni olqishlar bilan qarshi oldi. Simpoziumda Turkiya qo‘lyozmalar boshqarmasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Imom Buxoriyning dunyodagi eng eski va to‘liq hadislar to‘plami faksimile nusxasini sovg‘a qildi.
O‘zbekiston Qahramoni, adabiyotshunos va tarjimon Ibrohim G‘afurov Qur’on ma’nolarining o‘zbek tiliga tarjimasi yuzasidan olib borilgan ishlar haqida so‘zladi.
Islom tarixi, san’ati va madaniyatini o‘rganish markazi (IRCICA) bosh direktorining o‘rinbosari Chingiz Tomar IRCICA va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari jumladan, “O‘zbek olimlari ensiklopediyasi”ni yaratish ustida ish olib borayotgani haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov zamonaviy dunyoda dinning ahamiyati, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov Qur’oni Karimning ilohiy-ma’naviy mohiyatiga to‘xtaldi.

Saudiya Arabistonining Islom san’ati muzeyi va Meros, madaniyat va san’at masalalari bo‘yicha Al Midad tashkiloti rahbari Mamduh Usmon Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik loyihalari va islomning boy tarixi haqida ma’ruza qildi.
Istanbuldagi Islom sivilizatsiyasi bog‘i rahbari, dunyoga mashhur Qur’on xattoti Husayn Kutluning “Turkiyada xattotlik san’ati” mavzusidagi ma’ruzasi, 1500 yillik islom madaniyati mushaf san’atlari tarixi va ruhini o‘zida aks ettirgan muhtasham namuna Istanbul mushafi haqidagi ma’lumotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Birlashgan Arab Amirligining “Manara” markazi ijrochi direktori Baxita Ahmad Al-Rumeysi o‘z tashkiloti haqida qiziqarli ma’lumotlarni keltirdi. Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik loyihalariga to‘xtaldi.
Fransiyalik Qur’onshunos, Sorbonna va Parij Oliy amaliyot maktabi doktori, Parij Akademik tadqiqotlar instituti raisi va Milliy ilmiy tadqiqot markazi (CNRS) tadqiqotchisi Karim Ifrakning o‘zbek Qur’on qo‘lyozmalari, jumladan, Amir Temurga tegishli bo‘lgan, hozirgi vaqtda shaxsiy kolleksiyada saqlanayotgan noyob Qur’on haqidagi tadqiqoti simpoziumning eng sensatsion voqeasi bo‘ldi.
– Ming varaqdan iborat Amir Temur Qur’oni pushti, binafsha, qaymoqrang, ya’ni bir nechta ranglardan iborat bo‘lib, bu qo‘lyozma dunyoning hech qayerida uchramaydi, – dedi Karim Ifrak. –
Chunki, tilla suvi bilan yuritilgan harflarda bitilgan oyatlar qorishib ketmagan. Qur’on bo‘yicha ekspert sifatida hech ikkilanmasdan shuni aytishim mumkin-ki, mazkur Qur’on qo‘lyozmasi dunyodagi eng chiroyli va noyob qo‘lyozmalardan biridir. Bunday Qur’on nusxasini hozirgi kunda yaratishning imkoniyati ham, texnologiyasi ham yo‘q. Bu Qo‘lyozma orqali Temuriylar davrida ilm-fan, xattotlik san’ati naqadar rivojlanganligini ko‘rish mumkin. Shu jihatlari bilan u meni tadqiqot olib borishga undamoqda. Bebaho Qur’on nusxasi ayni paytda shaxsiy kolleksiyada saqlanmoqda.
Turkiya va Islom san’ati muzeyi direktori, professor Ekrem Aytar Islom merosini chuqur o‘rganish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligiga to‘xtaldi. “Outdoor Factory” kompaniyasi direktori Sinan Turaman Imom al-Buxoriy muzeyi loyihasini taqdim qildi.

– Biz Islom sivilizatsiyasi markazi bilan 2021 yildan beri samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz, – dedi “Outdoor Factory” kompaniyasi direktori Sinan Turaman. – Hamkorlik doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasida zamonaviy raqamlashtirilgan muzey qurish rejalashtirilgan. Muzey ham an’anaviy, ham zamonaviy san’atni o‘zida mujassam etgan maskan bo‘ladi. U yerda Imom Buxoriyning bolaligidan tortib, uning fenomenal xotiraga ega ekani, “Saxixul Buxoriy” asarining yaratilish tarixi va boshqa asarlari haqida batafsil ma’lumotlar xronologik tarzda interaktiv, zamonaviy multimedia texnologiyalardan foydalangan holda namoyish etiladi.
Simpozium doirasida “Qur’on: tinchlik, ezgulik va ma’naviy uyg‘onish nuri” nomli eksklyuziv ko‘rgazma ochildi. Unda diniy mazmundagi noyob qo‘lyozmalar va qadimiy Qur’onlar namoyish etildi. Ular keyinchalik Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining va Imom Buxoriy innovatsion muzeyining “Qur’on zali” ekspozitsiyasidan joy oladi.
Madaniy meros haftaligi doirasida tashkil etilgan tadbir davomida maxsus taqdimotlar o‘tkazildi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov “Jahon kolleksiyalaridagi O‘zbekistonning madaniy merosi” loyihasini taqdim qildi. Namik Kamol universiteti tarix kafedrasi professori Xalit Eren Qur’onning noyob qo‘lyozma nusxalarining faksimilelarini Islom sivilizatsiyasi markazi “Qur’on zali”da joylashtirish loyihasi haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining yetakchi ilmiy xodimi Hamidullo Lutfullayev va Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy kotibi Rustam Jabborov Firdavs Abduxoliqovning “Qur’onning noyob qo‘lyozma nusxalari tarixi va taqdiri” loyihasini taqdim qildi.
Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez turk sultoni Mahmud II ga Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan hadya qilingan Qur’on, O‘zbekxon Qur’oni va Amir Temurning nevarasi uchun ko‘chirilgan noyob Qur’oni Karimning faksimilelarini chop etish haqidagi keng qamrovli loyihasini taqdim qildi.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i Mirzo Kenjabek “Fayzul Furqon”ning o‘zbek tilidagi tarjimasi va yangi o‘zbekcha qo‘lyozma Qur’onlar haqidagi loyihalari haqida so‘zladi. Turkiya va Islom san’ati muzeyi direktori Ekrem Aytar “294-raqamli Qur’on” mavzusida qiziqarli ma’ruza qildi.
Shuningdek, Tojikistonning Panjakent pedagogika universiteti prorektori Shodmon Vohidov xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan Qur’onlar qo‘lyozmasining reyestrini yaratish loyihasini taqdim qildi. Uning ma’ruzasi yakunlangach, forum ishtirokchilari tomonidan barcha loyihalar muhokama qilinib, qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Yosh xattotlar uchun mashhur xattotlar Huseyn Kutlu va Habibulla Solixning mahorat darsi ham tashkil etildi.
N.Usmonova, O‘zA