Islohotlarning huquqiy bazasini mustahkamlash maqsadida
Avval xabar berilganidek, 11-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Avval xabar berilganidek, 11-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Kunning ikkinchi yarmida deputatlar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy bazasini yanada mustahkamlashga qaratilgan bir qator dolzarb qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bir kun oldin siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi, ularda kun tartibiga kiritilgan masalalar avvaldan ko‘rib chiqildi. Qonun loyihalarini har tomonlama muhokama etish yakunlariga ko‘ra ularni takomillashtirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Deputatlar o‘z ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tayyorlangan “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 12-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini muhokama etishdan boshladilar. Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning moliyaviy mablag‘lardan foydalanishini yaxshilash orqali ularni rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Kiritilayotgan tuzatish kredit olishga doir arizalarning banklar va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi muddatini o‘n ish kunidan uch ish kuniga qadar qisqartirishni nazarda tutadi.
Shundan so‘ng deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ushbu kreditor qarzdorlikni, shu jumladan, byudjetga to‘lanadigan to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida hujjat xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qasddan bankrotlikka yetkazish faktlarini aniqlashga doir oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish va mexanizmlarni yaratishga qaratilgan. Tegishli o‘zgartishlar “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunga, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga kiritilmoqda.
Parlament quyi palatasi vakillarining fikricha, ushbu qonun loyihasi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘z mustaqilligi uchun javobgarligini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlarning oldini olish imkonini beradi.
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida bir qator seminarlar, davra suhbatlari va anjumanlar o‘tkazdi. Ularning natijalari bo‘yicha ayrim huquqiy normalarni yanada takomillashtirishga qaratilgan 18 ta o‘zgartish va qo‘shimcha kiritildi. Ishchi guruh huquqiy hujjat loyihasini muhokama etish chog‘ida siyosiy partiyalar fraksiyalarining vakillari, shuningdek, ekspertlar va mutaxassislar tomonidan kiritilgan eng qimmatli takliflarni inobatga oldi. Bundan tashqari, ishchi guruh qonun loyihasi ustida ishlash chog‘ida deputatlarning o‘z saylov okruglariga safarlari vaqtida saylovchilardan kelib tushgan fikr va takliflarni ham hisobga oldi. Shuningdek, bir qancha davlatlarning ushbu sohadagi xalqaro tajribasini o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi tomonidan kiritilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun loyihasi amaldagi qonun hujjatlaridagi norma va qoidalarning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, uni qabul qilingan qonunga muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi munosabatlarni bir xil huquqiy tartibga solinishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Qonun loyihasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, Oliy Majlisning 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritish taklif etilmoqda.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi ushbu qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida huquqiy qoidalarni muhokama etishga doir bir qator tadbirlar o‘tkazdi. Ularda manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari, ushbu soha olimlari hamda ekspertlar ishtirok etdilar. Shuningdek, ushbu hujjat siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining yig‘ilishlarida ham muhokama etildi. Deputatlar ushbu yig‘ilishlarda qonun loyihasini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator aniq takliflarni ishlab chiqdilar hamda ishchi guruhga kiritdilar. Ular hujjatni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda hisobga olindi.
Ushbu qonun loyihalari har tomonlama moddama-modda muhokama etilganidan keyin Qonunchilik palatasi kelib tushgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda ularni maromiga yetkazish uchun yuborishga qaror qildi.
Shuningdek, deputatlar majlis chog‘ida boshqa bir qator qonun loyihalarini ham ko‘rib chiqdilar.
Jumladan, deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrda qabul qilingan «2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi qarorini ijro etish maqsadida tayyorlangan hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Qonun loyihasining asosiy g‘oyasi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida transport vositalarining barcha turlarida tashishni amalga oshirishda yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini kafolatlashdan iborat. Bugungi kunda yo‘lovchilarni ularning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkaziladigan zarardan sug‘urtalash bilan himoya qilish “Umumiy foydalanishdagi havo, temir yo‘l, ichki suv va avtomobil transporti yo‘lovchilarining majburiy shaxsiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan ta’minlanmoqda. Ushbu qonunning tahlili uning alohida normalari hozirgi zamon talablariga javob bermasligini ko‘rsatdi. Chet el tajribasi yo‘lovchilarning manfaatlarini to‘liq himoya qilish uchun yo‘lovchilarni majburiy shaxsiy sug‘urta qilish o‘rniga tashuvchining yo‘lovchi oldidagi javobgarligini majburiy sug‘urta qilish mexanizmidan foydalanilayotganini ko‘rsatmoqda.
Qonun loyihalarini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar. Ular “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi aholining manfaatlariga va ushbu sohada umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini ta’kidladilar. Ularning fikricha, qonun loyihasi, agar u qabul qilinsa, fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlanadigan huquqlari va qonuniy manfaatlarining to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Deputatlar har tomonlama muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olib, ushbu qonun loyihasining asosiy qoidalarini ma’qulladilar va uni birinchi o‘qishda qabul qilib, mas’ul qo‘mitaga hujjatni keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlashni topshirdilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi o‘z vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Axborot xizmati