Islohotlar va kelgusi vazifalar muhokama qilindi
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan g‘oyalar, yurtimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari va kelgusi vazifalarni keng jamoatchilikka yetkazishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari, tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbar va xodimlari, shuningdek, talabalar ishtirok etdi.

Seminar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni aks ettiruvchi videorolik namoyishi bilan boshlandi. Shundan so‘ng «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti va kelajak maqsadlariga bag‘ishlangan uchta muhim mavzu bo‘yicha ma’ruzalar qildi.
Tarix fanlari doktori, professor Fayzulla Ernazarov «Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros» mavzusida so‘z yuritar ekan, xalqimizning ming yillik tarixiga, buyuk davlatchilik va madaniy an’analariga to‘xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, o‘z tarixini anglash inson qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va kelajakka ishonchni mustahkamlaydi. Biroq g‘urur bilan birga mas’uliyat ham bo‘lishi kerak. Xorazmiy, Beruniy va Ibn Sino kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi bizga faqat ajdodlar bilan faxrlanish emas, balki ularga munosib bo‘lish, ilm-fan taraqqiyotiga yangi hissa qo‘shish vazifasini ham yuklaydi.
Adabiyotshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Rahmon Qo‘chqor «Inson qadri — 35 yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar» mavzusidagi ma’ruzasida mustaqillik yillarida inson manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida fikr bildirdi.
Seminar davomida Prezident nutqida belgilangan maqsad va vazifalarni chuqur o‘rganish, ularning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka sodda va tushunarli tarzda yetkazish, eng muhimi, yurt taraqqiyotida har bir fuqaroning faol ishtirokini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar o‘tkazilib, faol qatnashchilar turli sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Seminar «O‘zbek kelayotir» videoklipi namoyishi bilan yakunlandi.
Nigora Rahmonova, O‘zA