Islohotlar samarasi bilan goʻzal
Yurt obodligi va xalq roziligi... Bu ulugʻ tushunchalar doimo yonma-yon va hamohangdir.
Hayotbaxsh oʻzgarishlar yoʻlida
Yurt obodligi va xalq roziligi... Bu ulugʻ tushunchalar doimo yonma-yon va hamohangdir. Bu hamohanglik xalqimizning asriy orzu-intilishlari roʻyobga chiqqan, el-yurtimiz tomonidan shodu xurramlik bilan qabul qilinayotgan inson manfaatlari yoʻlidagi islohotlar qizgʻin pallaga kirgan bugungi kunda yana bir bor oʻz tasdigʻini topmoqda.
Darhaqiqat, bugun yurtdoshlarimiz nigohida hayotdan rozilik va ertangi kunga mustahkam ishonchni koʻrib turibmiz. Bu bejiz emas, albatta. Zero, yurtdoshlarimiz jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlar samarasini, xususan, aholi uchun munosib hayot darajasi va sifati taʼminlanayotganini oʻz turmushi misolida koʻrib, sezib turibdi. Bu esa fuqarolarning baxtli-saodatli, farovon umr kechirishini kafolatlash, huquq va erkinliklarini muhofaza etish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishi ekanidan dalolatdir.
Islohotlar... Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan yangilanishlarni hech sarhisob qilganmisiz? Toʻgʻrisi, amalga oshishiga chorak asr yetmagan, xalqimiz hayoti va dunyoqarashini oʻzgartirgan, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obroʻ-eʼtibori va imijini shakllantirgan yuzlab islohotlar qilingani hatto oʻz yurtining ravnaqi va qudratiga shubha bilan qaraydigan, tahlildan koʻra tanqidni xushlaydigan baʼzi insonlarning ham aqlini shoshirib qoʻydi.
Avvalo, barcha chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi, chegaralar ochilib, yangi nazorat-oʻtkazish punktlari tashkil etildi, faoliyati toʻxtatib qoʻyilganlari ochilib, oʻtkazish sigʻimi oshirildi, aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan “ogʻriqli” masalalar ham konstruktiv muloqot yoʻli bilan birma-bir oʻz yechimini topmoqda. Shu paytga qadar yaqin qoʻshnilarimiz bilan qanchalik ziddiyatga borib, boshi berk koʻchaga kirib qolganimizni bilgan biladi, bilmagan yoʻq. Ammo bugun yaqin qardoshlik rishtalari tiklanib, oʻrtadagi muzlar eritildi, buning natijasida yaqin qarindosh, qudayu qudagʻay boʻlib ketgan xalqlarimizning mushkuli oson boʻlib, koʻplab muammolar barham topdi.
Yoki iqtisodiy islohotlar, turizmning rivojlanishi, soliq islohotlari, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bogʻliq muammolar bartaraf etilishi, bank-moliya islohotlari, xalqaro moliya operatsiyalarining jahon andozalari asosida amalga oshirilishi... Bularni hozir birma-bir sanab, adogʻiga yetib boʻlmaydi, ammo katta yoʻl boshida turganimizda bunday ezgu ishlarning amalga oshishiga ishonmaganlar qancha edi...
Jahon banki tomonidan yuritiladigan “Doing bussines” reytingida bugun Oʻzbekiston oʻrni keskin koʻtarilib bormoqda. Jumladan, mamlakatimiz 2018-yilda 190 mamlakat orasida 66,32 ball bilan 74-oʻrinni egallagan va oʻz pozitsiyasini 13 taga koʻtarib olgan boʻlsa, 2019-yilda 67,4 ball toʻplab, oʻtgan yilga nisbatan nufuzi yanada oshdi. Mana shu raqamlarning oʻziyoq Oʻzbekistonda yildan-yilga biznes faoliyatini yuritish osonlashib, byurokratik toʻsiqlar kamayib borayotganidan dalolat beradi.
Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasi 2016-2018 yillarda 38 foizga, eksport esa 15,7 foizga oshgan. 2019-yil yanvar-avgust oylarida mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasi 28,4 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 7,9 mlrd. dollarga yoki oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 38,6 foizga oshib, eksport esa 46,7 va import 32,8 foizga oʻsdi.
Xalqaro tashkilotlar hisobotiga asosan Yalpi ichki mahsulot hajmi 2018-yilda 48,6 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 5,1 foizga oʻsgan boʻlsa, 2019-yilda Jahon banki prognoziga koʻra 5,3, Osiyo taraqqiyot bankiga koʻra 5,2 foizga oʻsishi kutilmoqda. 2020-yildan boshlab esa YAIMning 5,5 foizdan ortiqqa oʻsishi hisoblab chiqilgan.
Yoki birgina Davlat xizmatlari agentligi nomli tashkilot faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani fuqarolarning qanchadan-qancha sarsongarchiligining oldini oldi, vaqtini tejadi, eng asosiysi, byurokratiya va korrupsiyaga barham berdi. Aytingchi, buni kim inkor eta oladi?
Oʻzbekistonda barcha sohalarda bir vaqtning oʻzida amalga oshirilayotgan katta koʻlamdagi oʻzgarish va yangilanishlar, inson manfaatlarini taʼminlashga yoʻnaltirilgan islohotlar dunyo miqyosida ham yuqori baholanib, xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilmoqda. Xususan, AQSHda chop etiladigan dunyoga mashhur “Forbs” (Forbes) nashrida eʼlon qilingan Kennet Rapoza qalamiga mansub maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning islohotchi rahbari Den Syaopinga qiyoslandi. Mana sizga haqiqiy va xolis eʼtirof!
Shu oʻrinda yurtimizda oʻtkazilayotgan islohotlarning asosiy muvaffaqiyati nimada, degan haqli savol tugʻiladi. Qaysi omillar bugun yurtdoshlarimizning qaddini tik qilib, koʻnglini togʻdek yuksaltirayapti?
Mana shu savollarga javob izlar ekanman, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning bundan qariyb 600-yil avval bitgan “Elga qoʻshilgʻon esh topti” satrlari yodimga tushadi. Oltinga teng bu satrlar orqali mutafakkir bobomiz insonning baxtu saodati xalqi bilan, elining ichiga kirishida, uning dardiga darmon, quvonchiga sherik boʻlishida ekanini taʼkidlagan edilar. Bugun davlatimiz rahbaridan tortib, oddiy mulozimlargacha xalqimizni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga yechim topish, oddiy odamlar turmush darajasini yuksaltirishga astoydil bel bogʻlagani yurtdoshlarimizning qalbiga nur, beliga quvvat boʻlayotgani sir emas.
Tajribadan ayonki, har qanday muvaffaqiyat negizida xalq ishonchini oqlash, ishga munosabat, qatʼiy intizomu yuksak masʼuliyat yotadi. Abdurahmon Jomiy aytganlaridek, “Boshi bilan shoʻngʻib kirmasa har dam, Suv ostidan durni toparmi odam?”. Yaʼni suv ostidagi durni topish uchun, avvalo, suvga shoʻngʻish kerak boʻlganidek, bugun xalq dardini, muammosini yechish uchun, yumshoq kursidan tushib, salqin xonadan chiqib, xalqning oldiga kelish, dardini tinglash, muammosini oʻrganib, yechim topish, pirovard natijada xalqni rozi qilish davlat idoralari va barcha rahbar xodimlarning birinchi galdagi vazifasiga aylandi.
Uzoqqa bormaylik, oddiy xalq vakillari davlat organlari eshigi oldida sargʻayib, dardu alamini, muammolarini kimga aytishni bilmay, sarson boʻlgan davrlar hali hech kimning yodidan koʻtarilmagan boʻlsa kerak. Muammolarni bartaraf etish u yoqda tursin, uni eshitadigan biror mard topilmagan davrlarda odamlar qayoqqa borishini bilmay sarson edi... Mashhur turk yozuvchisi Aziz Nesinning “Musht ketdi” nomli hajviyasi bor. Unda yuqoridagi rahbaridan gap eshitib kelgan kichik rahbar xodimini obdon tergash orqali xumordan chiqadi. Xodim alamini uyga kelib ayolidan oladi. Ayol farzandi, bola esa mushugini urib hovuridan tushadi. Rahbarlar xalqni eshitishdan yiroqlab ketgan davrlarda ayrim mutasaddi tashkilot va masʼul rahbarlarning muammoni hal qilish oʻrniga uni bir-biriga “uzatish” bilan shugʻullanib kelgani beixtiyor ana shu hajviyani yodga soladi.
Natijada bori shu ekanda deb, tushkun kayfiyatda yurgan odamlar davlat idoralariga ishonmay qoʻydi. Bu masalaning bir tomoni xolos, tanganing ikkinchi tomoni ham bor: muammolar yigʻilib-yigʻilib, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish toʻxtab qoldi, xalq farovonligi oddiy qogʻozlarda yozilib, amalda muammolar xaspoʻshlanib kelaverdi.
Barchamizning baxtimizga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Mazkur Farmon murojaatlar bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi yaratilishiga asos boʻldi. Murojaatlar bilan ishlashda yangicha uslub ochildi – endi xalq bevosita Prezidentga murojaat qilishi mumkin. Tasavvur qilish qiyinu, lekin haqiqat.
Yangi tizimning asosi etib zamonaviy usul – Prezident Virtual qabulxonasi va uning ishonch telefoni hamda Xalq qabulxonalari ishga tushirildi.
Zum oʻtmasdan ushbu Qabulxonalar davlat rahbariga murojaat qilish, xalq bilan doimiy muloqot olib borish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etishning taʼsirchan mexanizmiga aylandi. Sizda hal etilmagan masalalar, muammolar, ariza, shikoyat yoki takliflar boʻlsa, murojaatingizni toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga 3 xil usulda yuborish imkoniyati yaratib berildi.
Endi xalqni eshitadigan Prezidenti bor, endi xalqning ishongan suyanchi va tayanchi bor! Shu ishonch va yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar sababli, murojaatlar soni qisqa muddatda 1 milliondan oshib ketdi. Eng muhimi, mazkur murojaatlarning har biri alohida nazoratga olinib, muammolar birin-ketin oʻz yechimini topa boshladi.
Orttirilgan tajriba asosida mazkur tizim ham rivojlantirib borildi. “Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun koʻrishi kerak”. Ushbu iqtiboslar xalqimizga mehri, muhabbati baland davlatimiz rahbari qalbidan chiqqan sadolardir.
Prezidentimizning 2018-yil 28-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ana shu dolzarb masalaga alohida toʻxtalinib, Xalq qabulxonalari faoliyatida mutlaqo yangi tizim – sifat jihatidan yanada yuksak bosqichga oʻtilishi haqida maʼlum qilindi. Koʻp oʻtmay, 2019-yil 17-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan oʻta muhim oʻzgarish yuz berdi:
Birinchidan, Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali muammolarni aniqlaydi hamda hal qilinishini taʼminlaydi. Yaʼni endi Xalq qabulxonalari murojaat kelib tushishini kutib oʻtirmaydi, oʻzi masʼul boʻlgan hududda mavjud muammolarni uyma-uy, obyektma-obyekt yurgan holda aniqlaydi.
Ikkinchidan, tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari aʼzolaridan iborat ishchi guruhlar hududlarni mahalla va xonadonlar, oilalar boʻyicha tahlil qilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa – bir yillik va oʻrta muddatli manzilli tadbirlar rejasini shakllantiradigan boʻldi. Qolaversa, Xalq qabulxonalari va Prezident Administratsiyasi boʻlinmalari qisqa muddatli tadbirlar rejasi ijrosini nazorat ham qiladi. Yaʼni endi Xalq qabulxonalari nafaqat muammolarni aniqlaydi, balki ularning ijrosini ham nazorat qiladi.
Shuningdek, turli yirik dastur va loyihalar faqat strategik maqsadlarni koʻzlab emas, balki bevosita odamlar yoʻllagan murojaatlar tahlili, real hayot manzarasini inobatga olgan holda tayyorlanadi.
Agar statistik tahlillarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, bugungi kunga qadar tuman va shaharlarda tashkil etilgan 19 mingga yaqin sayyor qabulda 267 mingdan ortiq fuqaro bilan ochiq muloqot oʻtkazildi, ularning 275 mingdan ziyod murojaati oʻrganildi va 115 mingga yaqin muammoni joyida hal etishga erishildi.
Murojaatlarni sohalar boʻyicha tahlil qilsak, eng koʻp murojaat tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv va issiqlik taʼminoti (19 ming 923 ta), sud-huquq sohasi (15 ming 834 ta), uy-joy ajratish va turar-joylarni taʼmirlash (16 ming 486 ta), bandlik (14 ming 774 ta), sogʻliqni saqlash (11 ming 498 ta), ichki yoʻllarni taʼmirlash (9 ming 596 ta), imtiyozli kredit olish (8 ming 973 ta) va moddiy yordam (10 ming 441 ta) masalalari boʻyicha kelib tushgan.
Quvonarlisi, sayyor qabullar mamlakatimizning aholi zich yashaydigan hamda olis va chekka hududlarida, aholi uchun qulay vaqt va joylarda tashkil etilishiga, qabullar davomida Virtual va Xalq qabulxonalariga qayta-qayta murojaat qilayotgan fuqarolar muammolarini birinchi navbatda hal etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, vazirlik va idoralar, sektorlar rahbarlari tomonidan qabullar davomida fuqarolarning roziligini taʼminlash, murojaatlar xolis va tezkor koʻrib chiqilishini taʼminlash yuzasidan aniq choralar koʻrilmoqda.
Bu jarayonda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ham “Yurt taraqqiyoti yoʻlida birlashaylik!” shiori asosida faol ishtirok etib, islohotlar taʼsirchanligini oshirishga munosib hissa qoʻshmoqda. Oʻz tarkibiga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Nuroniy jamgʻarmasi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillarini qamrab olgan Respublika jamoatchilik komissiyasi 2018-yil avgust oyidan buyon Toshkent shahrining Shayxontohur, Olmazor, Bektemir, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Yakkasaroy, Mirobod, Mirzo Ulugʻbek va Sergeli tumanlaridagi mahalllalarda istiqomat qiluvchi minglab fuqarolar muammolarini oʻrganib chiqish, ularga ijobiy yechim topishda amaliy koʻmak berdi. Ahamiyatli tomoni shundaki, ochiq va samimiy muloqotlar asnosida xalq bilan hamkorlikda muammolarni bartaraf etish yoʻllari izlanib, tegishli choralar topildi. Eng muhimi, dardiga darmon topayotgan odamlarda ertangi kunga ishonch tuygʻusi mustahkamlandi.
Bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar koʻlami nihoyatda keng. Ularning samarasi tufayli oddiy odamlarning hayotdan rozilik darajasi ortib bormoqda. Shu bilan birga, hali yechimini topmagan muammolar, xalqimizni qiynab kelayotgan masalalar ham talaygina. Ayniqsa, kommunal soha (elektr energiyasi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi)dagi uzilishlar, yoʻl va maishiy infratuzilmadagi muammolar, korrupsiya, poraxoʻrlik, ishsizlik, boqimandalik kabi muammolar borki, ularni bartaraf etish uchun hali ancha ish qilinishi, qatʼiy choralar koʻrilishi kerak. Bu jarayonda, eng muhimi, barcha oʻzgarishlarni har birimiz, avvalo, oʻzimizdan boshlashimiz lozim.
Mulohazalarim yakunida Yevropa renessansining eng mashhur daholaridan biri Leonardo Da Vinchi “Har qanday toʻsiq qatʼiyat bilan zabt etiladi”, deb yozganida nechogʻli haq ekanini taʼkidlagim keldi. Chunki, haqiqatdan ham oʻtgan yillarda Prezidentimiz va u kishining qatʼiyati, mustahkam irodasi timsolida jonajon Vatan ravnaqi yoʻlida fidoyilik, vatanparvarlik balandparvoz soʻzlar orqali emas, elu yurt yoʻlida oʻzni ayamasdan mehnat qilish bilan belgilanishini barcha anglay boshladi.
Zero, ertangi kunga ishonch, fidoyilik, birlik, ahillik va mehnat – buyuk maqsadlarga yetishning yagona, birdan-bir yoʻlidir. Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, “Oʻz maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk Oʻzbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!”.
Anvarjon ABDUMUXTOROV,
Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati
xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi.