Islohotlar hududlar rivojiga xizmat qiladi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar zamirida “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili mujassam. Bunda har bir hududning imkoniyati, salohiyati va mavjud resurslaridan oqilona foydalanish orqali xalqimizning turmush tarzini yanada oshirish, kundalik hayotidagi muammolarni hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining “2023-2025 yillarda Qashqadaryo viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining qabul qilingani ham mamlakatimizda islohotlar hududlar bo‘yicha manzilli olib borilayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlash joizki, xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida ishlab chiqilgan ushbu hujjat viloyatning keyingi uch yillik maqsadlari, ustuvor vazifalarini to‘liq o‘z ichiga olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur qarorga asosan hududda aholi daromadlarini oshirish maqsadida paxta va g‘alladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan 10 ming 530 gektar ekin maydonlari dehqon xo‘jaligi yuritishi uchun aholiga ijaraga berilishi belgilanganligi ham aholi manfaatlarini o‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
Shuningdek, viloyatning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirishga alohida e’tibor qaratilib, joriy 2023 yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmini 59,4 milliard so‘mga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 24,1 milliard so‘mga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 31,5 milliard so‘mga, xizmat ko‘rsatish hajmini 19,9 milliard so‘mga, daromadli mehnat bilan band bo‘ladigan aholi sonini 440 ming nafarga, hududiy eksport hajmini 325,9 million AQSH dollarga yetkazish belgilangan.
Turizm yo‘nalishida 2023 yil yakuni bilan xorijiy turistlarni 150 ming nafarga, mahalliy turistlarni 1,6 million nafarga yetkazish orqali 14 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga Shahrisabz tumanining Miraki, Suvtushar va Sarchashma, Kitob tumanining Qaynar va Bashir, Qamashi tumanining Beshterak, Chiroqchi tumanining Qalqama hamda Mirishkor tumanining Jeynov qishloqlarida turizmni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilangani ham chin ma’noda soha rivoji uchun muhim o‘rin tutadi.
Hududda 2023-2024 yillar davomida to‘qimachilik sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini 32 foizdan 66 foizga yetkazish va buning uchun 31 milliard so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilmoqda. Aholining uzluksiz elektr ta’minotini yaxshilash va barqarorligini oshirish maqsadida 751 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari hamda 189 dona transformator punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishi belgilangan. Suv ta’minotini yanada yaxshilashga 145 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotganligi kommunal sohadagi mavjud muammolarni hal etilishida muhim ahamiyat kasb etadi, albatta. Bundan tashqari, ta’lim yo‘nalishida 14 ta investitsiya dasturiga muvofiq 380 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etish uchun 52 milliard so‘m subsidiya ajratish hisobiga maktabgacha ta’lim qamrovini 60 foizga yetkazish, shuningdek, har bir hududda 1 tadan, jami 16 ta maktablarda Finlyandiya modeli asosida ta’lim jarayonini tashkil etiladi. 14 ta maktabga qo‘shimcha 4 ta yangi bino qurilishi ham yoshlar ta’limiga qaratilayotgan e’tibor samarasidir.
Shubhasiz, mazkur qarorning ijrosi o‘z vaqtida, sifatli ta’minlanishi ulkan imkoniyatlar bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush farovonligini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi. Qolaversa, qo‘yilgan maqsadlarga erishishda oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash, barcha imkoniyat va resurslardan oqilona foydalanish hamda bajarilayotgan ishlar ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunday ekan, bugungi tub o‘zgarish va islohotlarni yurtimizdagi har bir fuqaro ongiga yetib borishini tashkil etish, ularda daxldorlik hissini uyg‘otish har birimizning asosiy vazifamiz bo‘lishi lozim.
Davron Shodmonov,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, viloyat Kengashi deputati
O‘zA